Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgustda orbitaga uchiriladi

eʼlon qilindi
Sun’iy yo‘ldosh STAR.VISION tomonidan uchiriladi
Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi 5-avgustda orbitaga uchiriladi
Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Samarkand-2028 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi 5-avgust kuni orbitaga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligiga ko‘ra, qurilma Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan uchiriladi.

Sun’iy yo‘ldosh STAR.VISION tomonidan uchiriladi

Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi STAR.VISION kompaniyasi tomonidan orbitaga olib chiqiladi. U bilan birga Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshi ham uchiriladi.

Ayni paytda raketa start kemasi bortiga joylashtirilgan va uchirish hududi tomon yo‘l olgan. Tayyorgarlik ishlari belgilangan reja asosida davom etmoqda.

Loyiha O‘zbekkosmos va STAR.VISION hamkorligi natijasi

Samarkand-2028 missiyasi «O‘zbekkosmos» agentligi va STAR.VISION kompaniyasi o‘rtasidagi strategik memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.

Xitoy tomonidan fazoga chiqariladigan mazkur giperspektral sun’iy yo‘ldoshga Samarkand-2028 nomi berilgan.

Nomi Samarqanddagi xalqaro kongress bilan bog‘liq

Sun’iy yo‘ldosh nomi 2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi Samarqandda o‘tkazilishi sharafiga tanlangan.

Ushbu qaror Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida qabul qilingan edi.

Sun’iy intellekt moduli O‘zbekistonda ishlab chiqilgan

Loyiha doirasida «O‘zbekkosmos» mutaxassislari sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt modulini ishlab chiqqan.

Ushbu modul giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini beradi. Bu Yer yuzasini masofadan zondlash samaradorligini oshirishi kutilmoqda.

Ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi va ekologiyada foydalaniladi

Samarkand-2028 orqali olinadigan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish va boshqa yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.

Loyiha O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etuvchi bosqich sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov sun’iy yo‘ldosh loyihalarining asosiy qismi harbiy yo‘nalish orqali moliyalashtirilishi haqida xabar bergandi.

Agentlik vakiliga ko‘ra, bunday loyihalarning o‘rtacha 70 foizi aynan harbiy budjet hisobidan qoplanadi. Shuningdek, tayyor sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish tinch sharoitda ancha arzon.

Shuningdek