Yevropadagi o‘rmon yong‘inlari 3,1 mlrd yevro zarar keltirdi

Yevropadagi o‘rmon yong‘inlari va kuchli issiq oqibatida yetkazilgan dastlabki zarar kamida 3,1 mlrd yevroga baholandi. Financial Times hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu summa Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Gretsiya va Ruminiyada yong‘in mavsumining dastlabki ikki oyida yuzaga kelgan zararni qamrab oladi.
Besh davlatda qariyb 500 ming gektar hudud yondi
Mazkur besh davlatda qariyb 500 ming gektar hudud yonib ketgan. Nashr hisob-kitoblarni Yevropa komissiyasi qo‘llaydigan metodologiya asosida amalga oshirgan bo‘lib, unda asosan yong‘indan zarar ko‘rgan hududlarni avvalgi holatiga qaytarish xarajatlari inobatga olingan.
Biroq umumiy iqtisodiy zarar bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Sug‘urta kompaniyalari, aholi va korxonalar ko‘chmas mulk hamda boshqa mol-mulkka yetkazilgan zarar, hosilning nobud bo‘lishi va turizm sohasidagi yo‘qotishlarni hali to‘liq hisoblab chiqmagan.
Qurg‘oqchilik yuk tashish va ishlab chiqarishga ta’sir qilmoqda
Bundan tashqari, Financial Times bahosida Gretsiyada yaqinda sodir bo‘lgan yong‘inlarning oqibatlari to‘liq aks etmagan, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridagi zarar esa hisob-kitoblarga kiritilmagan.
Yevropa iqtisodiyotiga qurg‘oqchilik ham qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Reyn va Dunay daryolarida suv sathining pasayishi yuk tashish jarayonlarini murakkablashtirib, ayrim korxonalarda ishlab chiqarish hajmining qisqarishiga olib kelmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Fransiyadagi o‘rmon yong‘inlari sabab 63 ming kishi ko‘chirilgani haqida yozgan edi.