Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi

2026-yil 1-sentabrdan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha «oilabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident qarorida belgilangan.
Ijtimoiy xodim oilaga amaliy yordam beradi
Yangi tartibga ko‘ra, ijtimoiy xodim ota-onaga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilishda yordam beradi.
Shuningdek, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanayotgani doimiy kuzatib boriladi. Zarurat bo‘lsa, bola boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga ham yo‘naltiriladi.
Bolaning ehtiyoji «Inson» markazlari tomonidan baholanadi
3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning alohida ta’limga ehtiyoji «Inson» markazlari huzuridagi Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan aniqlanadi.
Ushbu guruh bolani davlat ta’lim muassasasiga yo‘naltirish masalasini ham ko‘rib chiqadi.
Baholash maxsus mezonlar asosida o‘tkaziladi
Bolaning ta’limga ehtiyoji psixologik-pedagogik diagnostika mezonlari asosida baholanadi.
Bundan tashqari, uning funksional imkoniyati, kundalik hayotdagi faolligi va ishtiroki ham o‘rganiladi. Bu baholash nogironlikni baholash shkalasining mahalliy sharoitga moslashtirilgan mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Tizim avval ikki viloyatda ishga tushadi
Bolani kompleks baholash guruhi faoliyati 2026-yil 1-oktabrdan Navoiy va Xorazm viloyatlarida yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini yaxshilashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga imtihonda qo‘shimcha vaqt berilishi haqida xabar berilgandi. Ularga belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt beriladi hamda Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi materiallardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.