UzAuto Motors va BYD O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lovchilar qatoriga kirdi

2026-yilning yanvar–iyun oylarida UzAuto Motors va BYD kompaniyalari O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lovchilar qatoriga kirdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
«UzAuto Motors» AJ davlat budjetiga 1 trln 158,8 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya ishlab chiqarish sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan yirik korxonalar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya o‘tgan yilning mos davrida 700 mlrd so‘m soliq to‘lagan edi.
«BYD Uzbekistan Factory» MChJ QK esa olti oy davomida 196,6 mlrd so‘m soliq to‘lab, reytingning 19-pog‘onasidan joy oldi. Shunday qilib, «UzAuto Motors»ning soliq to‘lovlari BYD zavodi ko‘rsatkichidan qariyb 5,9 baravar yoki 962,2 mlrd so‘mga ko‘p bo‘lgan.
Hisobot davrida ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 64 551 ta yuridik shaxs budjetga 81,1 trln so‘m soliq to‘ladi. Ushbu korxonalarning jami tovar aylanmasi 482,3 trln so‘mni tashkil etdi. Ularga qariyb 24,9 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berildi.
Eng ko‘p soliq to‘lagan 20 ta korxona hissasiga 11,65 trln so‘m yoki ishlab chiqarish sohasidagi jami soliq tushumlarining 14,4 foizi to‘g‘ri keldi.
Mazkur kompaniyalarning tovar aylanmasi 88,4 trln so‘mga yetib, sohadagi umumiy aylanmaning 18,3 foizini tashkil etdi. Ular foydalangan soliq imtiyozlari miqdori esa 1,57 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Eng yirik soliq to‘lovchilar

Yirik soliq to‘lovchilar orasida «O‘zbekneftgaz» 1,99 trln so‘m bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlardan 1,54 trln so‘m soliq to‘lagan UzBAT joy oldi. Coca-Cola ichimligi O‘zbekiston korxonasi 869,7 mlrd so‘m, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi esa 717,5 mlrd so‘m soliq to‘ladi.
Top-20 korxona to‘lagan soliqlarning eng katta qismi qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri kelib, uning miqdori 3,59 trln so‘mni tashkil etdi. Aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar 2,62 trln so‘m, foyda solig‘i 2,28 trln so‘m, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq esa 1,21 trln so‘mga yetdi.
Bundan tashqari, 732,9 mlrd so‘m ijtimoiy soliq, 685,2 mlrd so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, 308,9 mlrd so‘m mol-mulk solig‘i va 223,5 mlrd so‘m boshqa soliqlar to‘langan.
Soliq qo‘mitasi reytingni tuzishda Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari ko‘rsatkichlarini hisobga olmagan.
Avvalroq «Kursiv» nashri quyosh panellari uchun 330,8 mlrd so‘m subsidiya berilgani haqida yozgan edi.