Samsung, Alif va boshqalar: birinchi yarim yillikda savdo sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan korxonalar ma’lum bo‘ldi

eʼlon qilindi
Hisobot davrida ushbu korxonalarning jami tovar aylanmasi 449,9 trln so‘mga yaqinlashdi
Uzum Market, Samsung, Alif: birinchi yarim yillikda savdo sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan savdo sohasidagi korxonalar
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 163,6 mingta yuridik shaxs budjetga 18,8 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Hisobot davrida ushbu korxonalarning jami tovar aylanmasi 449,9 trln so‘mga yaqinlashdi. Ularga qariyb 3 trln so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi.

Eng ko‘p soliq to‘lagan 20 ta savdo korxonasi hissasiga 1,7 trln so‘m yoki sohadagi jami soliq tushumlarining 9 foizi to‘g‘ri keldi. Mazkur kompaniyalarning umumiy tovar aylanmasi 30,2 trln so‘mni tashkil etib, savdo sohasidagi jami aylanmaning 6,7 foiziga teng bo‘ldi. Ular foydalangan soliq imtiyozlari miqdori esa 190,3 mlrd so‘mga yetdi.

Eng yirik soliq to‘lovchilar

Infografika: Soliq qo‘mitasi

Yirik soliq to‘lovchilar orasida «Anglesey Food» MChJ 343,3 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinni egalladi (Korzinka). Keyingi o‘rinlardan 156,4 mlrd so‘m soliq to‘lagan «Oilpro Invest Plus» MChJ hamda 137,9 mlrd so‘mlik to‘lovlarni amalga oshirgan Uzum Market joy oldi. «Namangan-Istiqlol Bog‘i» MChJ 98,5 mlrd so‘m, «Asr and Co» MChJ esa 92,9 mlrd so‘m soliq to‘ladi.

Top-20 korxona to‘lagan soliqlarning eng katta qismi qo‘shilgan qiymat solig‘iga to‘g‘ri kelib, uning miqdori 634,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. Foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar 322,8 mlrd so‘m, aksiz solig‘i 276,6 mlrd so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i esa 246,7 mlrd so‘mga yetdi. Bundan tashqari, 150,9 mlrd so‘m ijtimoiy soliq, 19,8 mlrd so‘m mol-mulk solig‘i va 47,8 mlrd so‘m boshqa soliqlar to‘langan.

Avvalroq «Kursiv» UzAuto Motors va BYD O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lovchilar qatoriga kirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek