Aktrisa Saida Rametova og‘ir judolikka uchradi

O‘zbek kinosi va teatrining yorqin namoyondasi, filmlari bilan ko‘plab muxlislarning qalbidan joy egallagan O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametovaning onasi vafot etdi. Bu haqda Rametova o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
90 yoshida olamdan o‘tdi
Qayd etilishicha, aktrisaning onasi, Zahroxon Soliyeva 90 yoshida vafot etgan. O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasi Saida Rametova hamda uning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
Saida Rametovaning hayoti va faoliyati
Qayd etish joiz, Saida Rametova faoliyati davomida u «Shaytanat», «Otamdan qolgan dalalar», «Alpomish», «Bomba», «Super kelinchak», «Mendirman Jaloliddin», «Yuraklar jangi», «Osmondagi bolalar» kabi ko‘plab film va seriallarda rol ijro etgan. U nafaqat dramatik, balki komedik obrazlarni ham mahorat bilan gavdalantirib, o‘zbek kinosining eng taniqli aktrisalaridan biriga aylangan.
Oila va hayot uyg‘unligi
Saida Rametova aktyor Jumadulla Rametovning turmush o‘rtog‘i, aktyor Aziz Rametovning onasi hisoblanadi. 2021-yilda u saraton kasalligini boshdan kechirganini va davolanish jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tganini ochiq aytgan. Shundan so‘ng ham ijodiy faoliyatini davom ettirib, yangi loyihalarda ishtirok etmoqda.
San’at rivojiga qo‘shgan hissasi uchun u avval «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist», 2025-yilda esa «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov 89 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edi.