KFC, Evos va Oqtepa umumiy ovqatlanish sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan korxonalar bo‘ldi

2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar 1 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Eng yirik 20 ta soliq to‘lovchi esa ushbu tushumning 21,4 foizini ta’minladi.
Soha 1 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘ladi
Unga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida umumiy ovqatlanish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 23 148 ta yuridik shaxs jami 1 trillion 8,9 milliard so‘m soliq to‘lagan.
Shundan 215,9 milliard so‘mi, ya’ni 21,4 foizi eng yirik 20 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonalarning jami tovar aylanmasi 2,89 trillion so‘m, ularga berilgan soliq imtiyozlari esa 25 milliard so‘mni tashkil etgan.
Eng yirik soliq to‘lovchilar
Reytingda «International Foodchain» MChJ (KFC) 52,2 milliard so‘m bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinda «Mak Food Servis» MChJ (Evos) — 41,4 milliard so‘m, uchinchi o‘rinda esa «Ketring» MChJ (Uzbekistan Airways aviakompaniyasining umumiy ovqatlanish sho‘ba korxonasi) — 24,8 milliard so‘m qayd etildi.
Shuningdek, kuchli beshlikdan «Oqtepa-Food Service» MChJ (20 milliard so‘m) hamda «Bellissimo Pizza International» MChJ (11,7 milliard so‘m) joy oldi.
Ro‘yxatdan MaxWay Food, FeedUp Eco, Akfa Food, Caravan Group Delivery, Garden Catering Trade, French Pastry, Excellent Sweets Store va boshqa yirik umumiy ovqatlanish korxonalari ham o‘rin olgan.
QQS eng katta ulushni egalladi
Top-20 korxonalar tomonidan to‘langan soliqlarning asosiy qismini qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tashkil etdi. Mazkur korxonalar 98,4 milliard so‘m QQS, 57,9 milliard so‘m jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, 28,2 milliard so‘m ijtimoiy soliq va 27,7 milliard so‘m foyda solig‘i to‘lagan. Qolgan 3,7 milliard so‘m boshqa turdagi soliqlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oltita MChJ 42,5 mlrd so‘m soliqdan qochganlikda gumon qilinayotgani haqida yozgandi.