Qozog‘istonlik sotuvchilar Uzum Market’ga qiziqish bildirmoqda: marketpleys hamkorlikka tayyor

Wildberries omborlariga dron hujumlaridan so‘ng qozog‘istonlik tadbirkorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi sezilarli darajada oshgan. Shu fonida Uzum Market mahalliy va xorijiy tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan nashriga Uzum Market operatsion direktori Danil Lebedev ma’lum qildi
«Biroq Uzum Market’da faoliyat boshlash uchun sotuvchi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxsga ega bo‘lishi va mahalliy qonunchilik talablariga rioya qilishi kerak», — dedi Lebedev.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda elektron tijorat bozori raqamli infratuzilma va logistika sohasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hisobiga faol o‘sish bosqichida. Shuningdek, onlayn xizmatlarning tez ommalashayotgani va yosh auditoriyaning ko‘pligi ham bozor rivojlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston qozog‘istonlik sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
Avvalroq Forbes Kazakhstan nashri O‘zbekiston qozog‘istonlik tadbirkorlarga Uzum Market’da faoliyat boshlashda yordam berishga tayyorligini xabar qilgandi. Shuningdek, Toshkent Qirg‘izistondagi sotuvchilarni ham platformaga jalb etishga qiziqish bildirmoqda.
«O‘zbekistonda elektron tijorat jadal rivojlanmoqda va biz tadbirkorlarning platformalarimizga kirib kelishidan manfaatdormiz», — degan O‘zbekiston sotuvchilar uyushmasi hammuassisi Roman Kim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik sotuvchilar Uzum Market’da ishlashi uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, bank hisobraqami ochishi va marketpleysda ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
Kimning aytishicha, hozircha Uzum Market’da faoliyat yuritayotgan qozog‘istonlik sotuvchilar soni ko‘p emas. O‘zbekiston bozorida uy-ro‘zg‘or buyumlari, bolalar mahsulotlari, sport, turizm, baliq ovlash va avtomobillar uchun mahsulotlar segmentida bo‘sh imkoniyatlar mavjud. Smartfonlar segmentida esa raqobat ancha yuqori.
Forbes Kazakhstan qayd etishicha, Wildberries omborlariga uyushtirilgan dron hujumlaridan so‘ng qozog‘istonlik tadbirkorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi yanada ortgan.
O‘zbekistonda 20 millionga yaqin kishi marketpleyslardan foydalanadi
2026-yil boshiga kelib O‘zbekistonda qariyb 20 million kishi marketpleyslar xizmatidan foydalangan.
Mamlakat aholisining qariyb 60 foizi onlayn xaridlarga qiziqadi. Ularning aksariyati mahalliy marketpleyslarni tanlaydi, Rossiya platformalari esa O‘zbekiston bozorida hali cheklangan darajada faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, 2025-yilda Markaziy Osiyoda omborlarga bo‘lgan talabning 35 foizi elektron savdo platformalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bozorning yana 28 foizi esa 3PL logistika operatorlari va distribyutor kompaniyalari tomonidan shakllantirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum logistika infratuzilmasiga $500 mlndan ortiq sarmoya kiritgani haqida yozgandi.