Ronaldu va Messi o‘rtasidagi iqtisodiy farq: kim ko‘p pul topadi

6-avgust 2026 08:56 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Ronaldu va Messi o‘rtasidagi iqtisodiy farq: kim ko‘p topadi
Foto: Marca

Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubiga o‘tganidan buyon taxminan $675 mln ishlab topgan. Lionel Messining AQShdagi «Inter Mayami» klubidan olgan daromadi esa 2023-yil o‘rtalaridan beri $210–240 mln atrofida baholanmoqda. Bu haqda Bolavip ma’lumotlariga asoslangan holda Marca nashri xabar berdi.

Ikki futbolchining daromadlari o‘rtasidagi farq $400 mln dan oshadi. Biroq ularning shartnomalari turli moliyaviy model asosida tuzilgan: Ronaldu katta miqdordagi kafolatlangan to‘lovlarni olayotgan bo‘lsa, Messi maoshdan tashqari tijoriy loyihalardan ulush va kelajakda klub aksiyalarini sotib olish imkoniyatiga ega.

Ronaldu uch yildan kamroq vaqtda $675 mln oldi

Foto: Ronaldu/ Instagram

Krishtianu Ronaldu 2023-yil boshida «An-Nasr» bilan shartnoma imzolab, Yevropa futbolidan Saudiya Arabistoni chempionatiga ko‘chib o‘tgan edi. Shundan buyon uning asosiy maoshi va shartnomada ko‘zda tutilgan bonuslari umumiy hisobda qariyb $675 mln ga yetgani aytilmoqda.

Capology hisob-kitoblariga ko‘ra, portugaliyalik hujumchi Saudiya Pro Ligasida bir mavsumda soliqlardan keyin qariyb 200 mln yevro daromad oladi. Bu ko‘rsatkich uni dunyodagi eng ko‘p maosh oladigan sportchilardan biriga aylantiradi.

Ronaldu daromadining yana bir qismi CR7 brendi orqali shakllanadi. Futbolchi mehmonxonalar, sport zallari, kiyim-kechak va atir-upa yo‘nalishlaridagi biznes loyihalariga ega.

Messining yillik kafolatlangan maoshi $20,4 mln

Foto: Instagram/ Messi

Lionel Messi 2023-yil yozida «Inter Mayami» klubiga qo‘shilgan. MLS futbolchilari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, argentinalik futbolchining yillik kafolatlangan maoshi qariyb $20,4 mln ni tashkil etadi.

Bonuslar va tijoriy to‘lovlar hisobga olinganda Messining bir mavsumdagi umumiy daromadi $50–60 mln oralig‘ida baholanadi. Uning AQShga ko‘chib kelganidan buyon olgan jami daromadi esa taxminan $210–240 mln ga yetgan.

Messi MLS tarixidagi eng katta asosiy maoshni oladigan futbolchi hisoblanadi. Shunga qaramay, uning klubdan bevosita oladigan to‘lovi Ronalduning Saudiya Arabistonidagi daromadidan sezilarli darajada kam.

Apple va Adidas daromadidan ulush oladi

Foto: Instagram/ Messi

Messining «Inter Mayami» bilan kelishuvi faqat futbolchining maoshi bilan cheklanmaydi. Shartnomaga Apple TV platformasidagi MLS Season Pass xizmatiga yangi obunalar orqali tushadigan daromaddan ulush olish bandi kiritilgani aytilmoqda.

Futbolchi, shuningdek, Adidas brendi ostidagi rasmiy mahsulotlar savdosidan ham muayyan miqdorda daromad oladi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Messi professional faoliyatini yakunlagach, «Inter Mayami» klubidan ulush sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Klubning bozor qiymati oshishda davom etsa, mazkur imkoniyat Messining uzoq muddatli daromadini sezilarli darajada ko‘paytirishi mumkin.

Ikki xil moliyaviy model

Foto: Instagram/ Ronaldu

Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining shartnomalari faoliyatlarining so‘nggi bosqichida ikki xil daromad strategiyasini namoyon etmoqda.

Saudiya Arabistonidagi model futbolchiga katta hajmdagi kafolatlangan mablag‘ni darhol to‘lashga asoslangan. Ronaldu «An-Nasr»dan olgan bevosita daromad bo‘yicha Messidan $400 mln dan ko‘proq mablag‘ ishlab topgan.

AQShdagi model esa futbolchining daromadini liga, media mahsulotlari, rasmiy tovarlar savdosi va klub qiymatining o‘sishi bilan bog‘laydi. Shu sababli Messining shartnomasi hozircha kamroq naqd daromad keltirayotgan bo‘lsa-da, uzoq muddatda uning biznes qiymatini oshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodriges Krishtianu Ronaldu bilan to‘yi oldidan orzusini amalga oshirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek