Tesla’ga yangi raqib: XPENG antiqa elektromobilini taqdim etdi

eʼlon qilindi
Kompaniya modelni bir vaqtning o‘zida 64 mamlakatda sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda.
Foto: cleantechnica.com

Xitoyning XPENG kompaniyasi global bozorni nishonga olgan yangi Mona L03 krossoverini taqdim etdi. Bu haqda «Gizmochina» xabar berdi.

Kompaniya modelni bir vaqtning o‘zida 64 mamlakatda sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi elektromobil zamonaviy dizayni, sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimi va nisbatan hamyonbop narxi bilan Tesla’ga jiddiy raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.

64 mamlakat bozori uchun ishlab chiqildi

Foto: avtoreview.ru

XPENG Mona L03 boshidanoq xalqaro bozor talablari hisobga olingan holda yaratilgan. Model Yevropa va Xitoyning besh yulduzli xavfsizlik standartlariga moslashtirilgan bo‘lib, ko‘p tilli interfeys, turli iqlim sharoitlariga mos konstruksiya hamda xalqaro talablarni qondiradigan texnologiyalar bilan jihozlangan.

Narxi 21 ming dollardan boshlanadi

Xitoy bozorida avtomobilning boshlang‘ich narxi 21 ming dollar, yuqori komplektatsiyasi esa 24 ming dollar etib belgilangan. XPENG vakillarining ta’kidlashicha, ushbu model 28–40 ming dollarlik avtomobillarda uchraydigan ko‘plab yechimlarni ancha arzon segmentga olib kirgan.

Foto: avtoreview.ru

1000 kilometrgacha yuradigan versiyasi ham bor

Mona L03 ikki xil modifikatsiyada taklif etiladi. To‘liq elektr versiyasi WLTP standarti bo‘yicha 440 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi.

Bundan tashqari, zaxira generatorli (EREV) talqini ham ishlab chiqilgan bo‘lib, u 1000 kilometrgacha harakatlana oladi. Model 220 kVt quvvatli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Sun’iy intellekt boshqaradigan avtomobil

Modelning eng katta yangiliklaridan biri — VLA 2.0 nomli avtonom boshqaruv tizimi. XPENG ushbu texnologiyani Xitoydagi eng ilg‘or haydovchisiz boshqaruv tizimlaridan biri deb ta’riflamoqda.

Avtomobil uchta Turing protsessori yordamida 2250 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Sun’iy intellekt yo‘l harakatini kuzatadi, to‘siqlarni aniqlaydi, avtomobilni to‘xtatish va yo‘nalishni o‘zgartirishda haydovchiga yordam beradi.

Muhimi, kompaniya VLA 2.0 tizimidan foydalanish uchun qo‘shimcha obuna to‘lovi talab qilinmasligini ma’lum qilgan.

Foto: avtoreview.ru

Premium salon va zamonaviy texnologiyalar

Mona L03 15,6 dyuymli 2.5K sensorli ekran, proyeksion displey (HUD), 50 vattli simsiz quvvatlash, 20 ta dinamikdan iborat audio tizim hamda isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega o‘rindiqlar bilan jihozlangan.

Bundan tashqari, avtomobil ichki qismida aksessuarlarni o‘rnatish uchun maxsus mahkamlash nuqtalari va magnit elementlar ham ko‘zda tutilgan.

Tesla uchun yangi raqobatchi

So‘nggi yillarda XPENG Xitoyning eng tez rivojlanayotgan elektromobil ishlab chiqaruvchilaridan biriga aylandi. Mona L03 orqali kompaniya nafaqat ichki bozor, balki Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalardagi xaridorlarni ham o‘ziga jalb qilishni maqsad qilgan.

21 ming dollardan boshlanuvchi narx, 1000 kilometrgacha yurish zaxirasi va sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimi Mona L03’ni global elektromobil bozoridagi eng qiziqarli yangi modellardan biriga aylantirmoqda.

Avvalroq Germaniyaning BMW kompaniyasi yuqori unumdorlikka ega to‘liq elektrlashtirilgan BMW M Concept Neue Klasse avtomobilini ommaga namoyish etgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek