Toshkentdagi Milliy bog‘da 4 yoshli qiz cho‘kib ketdi

Joriy yilning 5 avgust kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Milliy bog‘ cho‘milish havzasida 2022-yilda tug‘ilgan qizaloq cho‘milish vaqtida suvga cho‘kib ketdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Hodisa qanday sodir bo‘lgan?
Ma’lum qilinishicha, hodisa soat taxminan 16:30 larda sodir bo‘lgan. Qizaloq 2017-yilda tug‘ilgan opasi hamda buvisi bilan birga Milliy bog‘dagi cho‘milish sohiliga borgan. Cho‘milish jarayonida qizaloq suvga cho‘kib ketgan.
Voqea joyiga tez tibbiy yordam brigadasi yetib kelib, qizaloqqa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi
Dastlabki ko‘rikda marhumaning tanasida tan jarohatlari aniqlanmagan. Hozirda hodisa yuzasidan tergov-tezkor guruhi, prokuratura va sud-tibbiy ekspertiza xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qizaloqning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Avvalroq Toshkent shahridagi Bo‘zsuv kanalida yuz bergan fojiali hodisa oqibatida suvga sakragan ayol va uni qutqarishga uringan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berilgandi.