
Chevrolet AQSh bozorida 2026 va 2027-yilgi Chevrolet Equinox krossoverlari uchun yangi moliyaviy takliflarni e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
2026-yil avgust oyida xaridorlarga pasaytirilgan foizli kreditlar, shuningdek, ayrim mijozlar uchun oyiga $249 dan boshlanadigan lizing dasturlari taklif etilmoqda.
Aksiyalar 2026-yil 31-avgustgacha amal qiladi. Takliflar asosan AQSh bozoriga mo‘ljallangan bo‘lib, ulardan foydalanish shartlari mijozning moliyaviy holati va Chevrolet dileri talablariga qarab farq qilishi mumkin.
Kredit stavkasi 1,9 foizdan boshlanadi

2026-yilgi Chevrolet Equinox avtomobilini GM Financial orqali xarid qilgan mijozlarga 36 oy muddatga yillik 1,9 foizli kredit taklif etiladi. Shuningdek, 48 oy uchun 2,9 foiz va 60 oy uchun 3,9 foizli moliyalashtirish dasturlari mavjud.
2027-yilgi Chevrolet Equinox uchun esa 36 oy muddatga yillik 4,9 foizli kredit stavkasi belgilangan. Ushbu takliflardan foydalanish uchun avtomobil GM Financial orqali moliyalashtirilishi kerak.
Barcha xaridorlar ham imtiyozli kredit shartlariga mos kelmasligi mumkin. Bundan tashqari, mazkur dasturlarni ayrim boshqa chegirma va aksiyalar bilan birlashtirishga ruxsat berilmaydi.
Equinox oyiga $249 dan lizingga beriladi

Chevrolet 2026-yilgi Equinox LT old g‘ildirakdan tortuvchi versiyasi uchun ikki xil lizing dasturini taklif qilmoqda.
Amaldagi dasturga ko‘ra, 2021-yil yoki undan yangi avtomobilni lizing asosida boshqarayotgan mijozlar Equinox LT modelini 36 oyga oyiga $279 dan ijaraga olishi mumkin. Shartnoma imzolash vaqtida $3 329 miqdorida boshlang‘ich to‘lov talab etiladi.
Chevrolet’ning amaldagi xodimlari va dastur talablariga javob beradigan ularning oila a’zolari uchun oylik to‘lov $249 ni tashkil qiladi. Bunda shartnoma tuzish vaqtida $3 409 to‘lanishi kerak.
Har ikki taklifda yillik yurish masofasi 10 ming mil, ya’ni qariyb 16 ming kilometr bilan cheklangan. Garov puli talab qilinmaydi.
Narxlar $30,8 mingdan boshlanadi

2026-yilgi Chevrolet Equinox’ning AQShdagi boshlang‘ich narxi LT komplektatsiyasi uchun $30 795 ni tashkil etadi. Activ va RS versiyalarining har biri $35 595 dan baholangan.
2027-yilgi modelning LT komplektatsiyasi $30 995, Activ va RS versiyalari esa $35 895 dan sotiladi. Narxlarga $1 995 miqdoridagi avtomobilni yetkazib berish to‘lovi ham kiritilgan.
Qo‘shimcha jihozlar va paketlar tanlanganda avtomobil narxi sezilarli oshishi mumkin. Eng qimmat jihozlangan 2026-yilgi Equinox narxi qariyb $47 minggacha yetadi.
2027-yilgi modelda CVT uzatmalar qutisi bo‘lmaydi
Chevrolet Equinox 1,5 litrli turbinali benzin dvigateli bilan jihozlangan. Motor 175 ot kuchi ishlab chiqaradi.
2026-yilgi old g‘ildirakdan tortuvchi versiyalarda variator — CVT uzatmalar qutisi qo‘llanadi. To‘liq uzatmali modellar esa sakkiz pog‘onali avtomatik transmissiya bilan jihozlangan.
2027-yilgi Equinox’da Chevrolet barcha versiyalar uchun sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisiga o‘tadi. Natijada CVT transmissiyasi model qatoridan chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix Activ 2027 rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.