
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov faoliyatida ilk bor FIDE Circuit 2026–2027 mavsumining umumiy reytingida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. U 75,28 ochko bilan o‘zbekistonlik yana bir shaxmatchi Nodirbek Abdusattorovni ortda qoldirdi.
Sharlottadagi ikki g‘alaba yetakchilikni ta’minladi
Sindarov AQShning Sharlott shahrida o‘tkazilgan Naroditsky Memorial turnirida rapid va blits yo‘nalishlarida g‘olib chiqdi. Rapid bahslarida u Aravind Chithambaram bilan bir xil — yetti imkoniyatdan olti ochko jamg‘ardi, so‘ng tay-brekda raqibini 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Blits finalida esa to‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.

Mazkur natijalar Sindarovga Nodirbek Abdusattorovni ortda qoldirish imkonini berdi. Abdusattorov 65,64 ochko bilan ikkinchi, amerikalik Fabiano Karuana esa 54,58 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. FIDE ma’lumotiga ko‘ra, Sindarovning hozirgi natijasi beshta, Abdusattorovniki esa to‘rtta turnirda qayd etilgan ko‘rsatkichlardan shakllangan.
Kuchli o‘ntalikda ikki o‘zbekistonlik bor
FIDE Circuit 2026–2027 umumiy reytingining dastlabki o‘nligi quyidagicha:
| O‘rin | Shaxmatchi | Ochko |
|---|---|---|
| 1 | Javohir Sindarov | 75,28 |
| 2 | Nodirbek Abdusattorov | 65,64 |
| 3 | Fabiano Karuana | 54,58 |
| 4 | Uesli So | 43,11 |
| 5 | Vinsent Kaymer | 40,88 |
| 6 | Hayk Martirosyan | 36,73 |
| 7 | Arjun Erigaisi | 36,34 |
| 8 | Alireza Firuzja | 35,50 |
| 9 | Yan Nepomnyashchiy | 32,48 |
| 10 | Rameshbabu Praggnanandha | 29,92 |
FIDE Circuit klassik shaxmat bo‘yicha odatiy jahon reytingidan farq qiladi. Ushbu tizimda shaxmatchilarning belgilangan xalqaro turnirlardagi natijalari uchun berilgan ochkolar hisobga olinadi. Joriy reytinglar hozircha oraliq natija hisoblanadi va mavsum davomida o‘zgarib boradi.

Sindarov jahon chempionligi uchun ham kurashadi
FIDE Circuitning 2026–2027-yillardagi yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yaxshi ikki shaxmatchi 2028-yilgi Nomzodlar turniriga yo‘llanma oladi. Saralash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun o‘yinchining yakuniy natijasiga kamida sakkizta musobaqa, jumladan, klassik vaqt nazoratidagi kamida beshta turnir kiritilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sindarov Sent Luis rapidini mag‘lubiyatsiz yakunlab, ikkinchi o‘rinni egallagani haqida yozgan edi.