Javohir Sindarov FIDE Circuit reytingida, Ronalduning to‘yi haqida yangi ma’lumotlar — 7-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar

Javohir Sindarov FIDE Circuit reytingida, Ronalduning to‘yi haqida yangi ma’lumotlar — 7-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Javohir Sindarov FIDE Circuit reytingida 1-o‘ringa chiqdi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov faoliyatida ilk bor FIDE Circuit 2026–2027 mavsumining umumiy reytingida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. U 75,28 ochko bilan o‘zbekistonlik yana bir shaxmatchi Nodirbek Abdusattorovni ortda qoldirdi.
Sindarov AQShning Sharlott shahrida o‘tkazilgan Naroditsky Memorial turnirida rapid va blits yo‘nalishlarida g‘olib chiqdi. Rapid bahslarida u Aravind Chithambaram bilan bir xil — yetti imkoniyatdan olti ochko jamg‘ardi, so‘ng tay-brekda raqibini 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Blits finalida esa to‘qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.
Nasldor qoramol uchun 2 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

O‘zbekistonda naslchilik xo‘jaliklariga urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat budjetidan subsidiya ajratiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.
Yangi tartib 2026-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi va 2030-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi. Subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi.
Dollar oshdi: 10-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

10-avgust uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 36,46 so‘mga oshib, 11 952,10 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.
Yevro kursida ham oshish kuzatildi. Yevropa valyutasi 30,12 so‘mga oshib, 13 779,58 so‘m bo‘ldi. Rossiya rubli pasaydi. Rubl kursi 0,98 so‘mga tushib, 145,21 so‘mni tashkil qildi.
Husanovning «Manchester Siti»dagi yangi maoshi ochiqlandi

«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning yillik daromadi bonuslar hisobga olinmagan holda 6–6,2 million yevroga yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda futbolchilarning shartnomalari va ish haqi bo‘yicha ma’lumotlarni yurituvchi «Capology» platformasi xabar berdi.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi «Manchester Siti» bilan amaldagi kelishuvini uzaytirib, 2031-yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnomaga imzo chekkan.
O‘t ichida qolgan Wildberries. Kompaniya O‘zbekistonga ko‘chadimi

Rossiyaning eng yirik marketplace’laridan biri Wildberries obyektlariga ketma-ket uyushtirilgan dron hujumlari kompaniyaning logistika tizimiga jiddiy zarar yetkazdi. Shu fon’da ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya Rossiyadagi ayrim logistika quvvatlarini Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi matbuot xizmatiga murojaat qildi.
«Uyatli xonadon» «tamg‘a»si qonuniymi? XDP rahbarlarni ogohlantirdi

So‘nggi kunlarda ayrim hududlarda mahalliy hokimliklar, mas’ul tashkilotlar va mahalla mutasaddilari fuqarolarning uylariga kirib, xonadonlarni obodonlashtirish bo‘yicha turli talablar qo‘yayotgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ushbu holatlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
XDP ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda fuqarolardan xonadonlarini obodonlashtirish bo‘yicha turli talablarni bajarish so‘ralmoqda. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga «Uyatli xonadon», mahallalarga esa «Sharmandali mahalla» kabi tamg‘alar o‘rnatilishi haqida xabarlar tarqalgan.
Ronalduning to‘yi qoldirildimi: yangi ma’lumotlar savollarni paydo qildi

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning shu hafta oxirida to‘y qilishi haqidagi xabarlar hali tasdiqlanmadi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining opa-singillari Ronaldu bu yil, xususan, yaqin kunlarda uylanmasligini bildirgan.
Avvalroq Ronaldu va ispaniyalik model Jorjina Rodrigesning to‘yi 8-avgust kuni Madeyra orolida o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, marosim Ronaldu tug‘ilib o‘sgan Funshal shahridagi soborda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Madeyradagi bir kecha 1,5 ming dollar: Ronalduning to‘yi o‘tadigan mehmonxona haqida

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning ehtimoliy to‘y bazmi Madeyradagi besh yulduzli Savoy Palace mehmonxonasida o‘tishi aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, mehmonxona xususiy tom hovuzi, shaxsiy batler xizmati, spa markazi va Atlantika okeaniga panoramali manzarasi bilan ajralib turadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jorjina Rodriges Madeyra poytaxti Funshalning tarixiy markazida joylashgan soborda nikoh marosimida ishtirok etishi mumkin. Sobor taxminan 800 kishini sig‘dira oladi.
Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo 42 darajagacha isishi mumkin

8–9-avgust kunlari O‘zbekiston bo‘yicha havo harorati asta-sekin ko‘tariladi. «O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari harorat 37–40 darajagacha, ayrim hududlarda esa 41–42 darajagacha yetishi mumkin.
Tojikiston O‘zbekiston va boshqa qo‘shni davlatlardan yonilg‘i importini keskin oshirdi

Rossiyadan yetkazib berish qisqargani fonida Tojikiston iyul oyida O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istondan 34 ming tonna motor yonilg‘isi sotib oldi. Bu haqda Reuters ma’lumotlariga tayanib The Moscow Times xabar berdi.
Tojikiston yonilg‘i ta’minotida muqobil manbalarga ko‘proq murojaat qila boshladi. Iyul oyida mamlakat Rossiyadan benzin importini qariyb ikki baravar qisqartirib, 14,1 ming tonnaga tushirdi. Dizel yetkazib berish ham 2 foizga kamayib, 30 ming tonnani tashkil etdi. Rossiyadan aviakerosin importi esa amalga oshirilmadi.