Avto

Jetta M6 elektromobili ikki kishilik yotoq rejimiga ega bo‘ladi

Jetta M6 elektromobili ikki kishilik yotoq rejimiga ega bo‘ladi
Foto: CarNewsChina

FAW-Volkswagen qo‘shma korxonasiga tegishli Jetta brendi o‘zining ilk ommaviy ishlab chiqariladigan elektromobili — Jetta M6 sedanining salonini namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Modelning noodatiy jihatlaridan biri old o‘rindiqlarni to‘liq yotqizib, salonda ikki kishiga mo‘ljallangan dam olish joyini hosil qilish imkoniyati bo‘ladi. Elektromobilning eng kuchli versiyasi 194 ot kuchigacha quvvat ishlab chiqaradi.

Jetta M6 yaqin vaqt ichida Xitoy bozoriga chiqarilishi kutilmoqda. Model Jetta brendining benzinli avtomobillardan elektromobillar segmentiga o‘tishidagi muhim qadam hisoblanadi. Volkswagen Jetta’ni 2019-yilda Xitoy bozori uchun FAW-Volkswagen tarkibidagi mustaqil brend sifatida tashkil etgan edi.

Salon ikki kishilik dam olish joyiga aylantiriladi

Foto: Jetta

Jetta M6 salonida minimalistik uslub qo‘llangan. Old panelda katta markaziy sensorli ekran va ixcham raqamli asboblar paneli joylashtirilgan. Uzatmani boshqarish dastagi ikki spitsali rul ortiga ko‘chirilgan, markaziy konsolda esa smartfonni simsiz quvvatlash maydonchasi, ikkita stakan ushlagich va yopiq saqlash bo‘limi mavjud.

O‘rindiqlar teshikli sun’iy charm bilan qoplangan, avtomobil katta panoramali tomga ham ega. M6’ning eng qiziqarli imkoniyati — old o‘rindiqlarni deyarli tekis holatgacha yotqizish orqali salonda ikkita dam olish joyini shakllantirish mumkinligi. Bunday yechim odatda yirik va qimmatroq krossoverlarda uchraydi, Jetta esa uni ommaviy segmentdagi elektr sedaniga olib kirmoqda.

Foto: Chevrolet

Eng kuchli versiya 194 ot kuchiga ega

Jetta M6’ning uzunligi 4 806 mm, kengligi 1 868 mm, balandligi 1 500 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 2 820 mmga teng.

Bazaviy versiyada 113 kVt yoki 152 ot kuchiga ega bitta elektromotor o‘rnatiladi. Ushbu modifikatsiyaning maksimal tezligi soatiga 166 km bilan cheklangan. Kuchliroq versiya 145 kVt yoki 194 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlanadi va soatiga 172 km tezlikka chiqishi mumkin. Avtomobilning jihozlangan holatdagi og‘irligi versiyasiga qarab 1 557 kilogrammdan 1 628 kilogrammgacha bo‘ladi.

Hozircha Jetta M6’ning batareya sig‘imi, bir quvvatlashda bosib o‘tadigan masofasi va narxi rasman ochiqlanmagan.

Foto: Jetta

M6 Jetta’ning ilk ommaviy elektromobili bo‘ladi

Jetta dastlab Xitoy bozorida nisbatan arzon benzinli avtomobillarga ixtisoslashgan edi. 2026-yilda brend Pekin avtosalonida Jetta X konseptini namoyish qilib, elektr transport vositalari segmentiga kirishini ma’lum qildi. M6 esa ushbu strategiya doirasidagi birinchi ommaviy ishlab chiqariladigan elektromobil bo‘lishi kutilmoqda.

Bu o‘zgarish Jetta uchun sotuvlar pasayayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. China EV DataTracker ma’lumotiga ko‘ra, brend 2026-yilning birinchi yarmida Xitoyda 47 811 ta benzinli avtomobil sotgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 13,1 foizga kam. Volkswagen esa Xitoydagi elektrlashtirish strategiyasi doirasida 2026-yilning o‘zida 13 ta yangi elektrlashtirilgan modelni bozorga chiqarishni rejalashtirgan.

Avvalroq «Kursiv» Jetta M6 elektromobili qanday xususiyatlar bilan taqdim etililishi haqida yozgan edi.