Markaziy bankka banklar bo‘yicha 11,3 ming murojaat tushdi

2026-yilning ikkinchi choragida Markaziy bankka tijorat banklari faoliyati yuzasidan jami 11,3 mingta murojaat kelib tushdi. Regulyator bank xizmatlari sifatini oshirish va mijozlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida ushbu murojaatlarni tahlil qildi.
Murojaatlar Markaziy bankka bevosita hamda boshqa davlat organlari orqali yuborilgan. Tahlilda bank mijozlari soniga nisbatan murojaatlar ulushi ham hisobga olingan.
Tahlil nimani ko‘rsatmoqda
Markaziy bank qayd etishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi banklarda xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi. Xususan, mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari haqida yetarli tushuntirish berish, murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob qaytarish hamda takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekani ta’kidlangan.
Shuningdek, banklarga ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, kelib tushayotgan murojaatlarning sabablarini chuqur tahlil qilish va ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish tavsiya etildi.
Markaziy bank murojaatlar asosida shakllantirilgan indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamasligini alohida qayd etdi. Ko‘rsatkich faqat bank mijozlari soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.
Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha mazkur indeks hisoblanmaydi.
Avvalroq «Kursiv» qaysi banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari pastligi haqida yozgan edi.