Namanganning $60 ming pora bilan qo‘lga tushgan sobiq hokimi 11 yilga qamaldi

eʼlon qilindi
Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan shahrining sobiq hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev 11 yilga qamaldi. Bu haqda Farg‘ona viloyati sudi xabar berdi.

Sobiq hokim bir qancha jinoyatlarni sodir etgan

Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudining 2026 yil 7 avgustdagi hukmi bilan Anvarjon Otaxo‘jayev (1972 yilda tug‘ilgan, Namangan shahar hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «v» bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi «a» bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi «a» bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash)1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandi va 210-moddasi  (pora olish) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Otaxo‘jayevga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishi bo‘yicha 3 nafar sudlanuvchiga 7 yildan 10,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 nafariga 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari hamda 1 nafar sudlanuvchiga 3 yilga ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi.

Hokim $60 ming bilan qo‘lga tushgan

Ma’lum qilinishicha, hokim va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilishadi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming dollar olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumani prokurori o‘rinbosarining korrupsion harakatlari fosh etilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek