SpaceX raketasi katta tezlik bilan Oyga urildi

SpaceX kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketasining yuqori bosqichi Oy yuzasiga nazoratsiz qulab tushdi. Bu haqda «France24» xabar berdi.
Hodisa oqibatida 30 metr diametrli krater hosil bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Garchi bu avariya bo‘lsa-da, mutaxassislar uning natijalari Oy haqidagi ilmiy tadqiqotlar va kelajakdagi kosmik missiyalar uchun muhim ma’lumotlar berishini aytmoqda.
Raketaning Oyga qulashiga nima sabab bo‘ldi
Falcon 9 raketasi 2025-yilning yanvarida ikkita Oyga qo‘nish apparatini orbitaga olib chiqqan edi. Missiya muvaffaqiyatli yakunlangan, raketaning birinchi bosqichi Yerga qaytgan. Biroq yuqori bosqich odatdagidek Yer va Oy orbitasidan uzoqlashish o‘rniga Quyosh faolligi hamda gravitatsion kuchlar ta’sirida yo‘nalishini o‘zgartirib, Oy tomon harakatlangan.
Natijada raketa qoldig‘i 5-avgust kuni GMT vaqti bilan soat 06:35 da Oyning shimoliy yarim shariga taxminan 8 690 km/soat tezlikda urilgan.
Kraterni suratga olish boshlandi
Hodisadan so‘ng NASA’ning Lunar Reconnaissance Orbiter (LRO) apparati hamda Janubiy Koreyaning Danuri orbital stansiyasi zarba berilgan hududni suratga oldi.
Olimlar tasvirlar Yerga uzatilgach, hosil bo‘lgan kraterning aniq o‘lchami va raketa zarbasining Oy yuzasiga ta’sirini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Nega bu voqea muhim
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asteroidlar Oyga tez-tez qulab turadi. Ammo bu safargi hodisaning o‘ziga xos jihati shundaki, raketaning massasi, tarkibi, tezligi va zarba burchagi oldindan ma’lum. Shu sababli olimlar zarba natijasini nazariy hisob-kitoblar bilan taqqoslab, Oy tuprog‘ining xususiyatlarini ancha aniqroq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu ilk tajriba emas
Kosmik texnikani ataylab Oyga yo‘naltirish amaliyoti avval ham qo‘llanilgan. 1969–1972-yillarda amalga oshirilgan Apollo dasturi davomida Saturn V raketalarining uchinchi bosqichlari ataylab Oy yuzasiga urdirilgan va seysmometrlar yordamida ichki tuzilma o‘rganilgan.
2009-yilda esa NASA’ning LCROSS missiyasi raketa bosqichini Oy janubiy qutbi yaqiniga qulatib, muz zaxiralarini qidirgan.
Olimlarning fikricha, yangi kraterni tahlil qilish Oy yuzasidagi regolit — mayda chang va tosh qatlamining zarba vaqtida qanday tarqalishini aniqlashga yordam beradi.
Bu esa kelajakda Oyga qo‘nadigan modullar va qurilishi rejalashtirilayotgan bazalarni bir-biridan qanday masofada joylashtirish kerakligini hisoblashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi raketa dvigatellari qo‘nish vaqtida regolitni katta tezlikda atrofga sochib yuborishi mumkin.
Oy — Mars sari tayyorgarlik maydoni
NASA Oy dasturlarini Marsga parvozlar uchun sinov maydoni sifatida ko‘rmoqda. Rejalarga ko‘ra, kelajakda Oy qutblaridagi muzdan suv, kislorod va vodorod olinib, nafaqat astronavtlarning ehtiyojlari qondiriladi, balki raketa yoqilg‘isi ham ishlab chiqarilishi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, aynan shu texnologiyalar uzoq muddatli Mars ekspeditsiyalarini amalga oshirish uchun asos yaratadi.
Oyga raketalar qulashi mumkin
Xalqaro kosmik qoidalarga ko‘ra, kosmik apparatlar Oyga qulab tushishi taqiqlanmagan. Biroq zarba qayerga berilishini oldindan nazorat qilish talab etiladi.
Ayniqsa, Oy janubiy qutbidagi muz mavjud deb hisoblanadigan kraterlar hamda tarixiy ahamiyatga ega Apollo 11 qo‘ngan hududlar alohida himoya qilinadigan zonalar sifatida ko‘rilmoqda.
Avvalroq samolyotdagi parvoz vaqtida yuqori tezlikdagi internet xizmatini taqdim etish maqsadida 37 ta aviakompaniya SpaceX kompaniyasiga tegishli Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini joriy etishni rejalashtirgani haqida xabar berilgandi.