Tojikiston O‘zbekiston va boshqa qo‘shni davlatlardan yonilg‘i importini keskin oshirdi

eʼlon qilindi
Iyul oyida mamlakat Rossiyadan benzin importini qariyb ikki baravar qisqartirdi
Tojikiston import qilgan yonilg‘ining 2,2 foizi O‘zbekistondan
Foto: Bloomberg

Rossiyadan yetkazib berish qisqargani fonida Tojikiston iyul oyida O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istondan 34 ming tonna motor yonilg‘isi sotib oldi. Bu haqda Reuters ma’lumotlariga tayanib The Moscow Times xabar berdi.

Rossiya importi kamaydi

Tojikiston yonilg‘i ta’minotida muqobil manbalarga ko‘proq murojaat qila boshladi. Iyul oyida mamlakat Rossiyadan benzin importini qariyb ikki baravar qisqartirib, 14,1 ming tonnaga tushirdi. Dizel yetkazib berish ham 2 foizga kamayib, 30 ming tonnani tashkil etdi. Rossiyadan aviakerosin importi esa amalga oshirilmadi.

Bunga Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan dron hujumlari ortidan yonilg‘i ishlab chiqarish va eksportining qisqargani sabab bo‘lgan.

O‘zbekistondan import oshdi

Rossiya ta’minotining qisqarishi Tojikistonni boshqa yetkazib beruvchilarga murojaat qilishga undadi. Iyulda O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘istondan jami 34 ming tonna motor yonilg‘isi import qilindi. Bu iyun oyidagi ko‘rsatkichdan qariyb uch baravar ko‘p.

Qo‘shni davlatlardan benzin xaridi 8,4 ming tonnadan 13,8 ming tonnagacha, dizel importi 2,45 ming tonnadan 17,6 ming tonnagacha oshgan. Aviakerosin yetkazib berish esa 316 tonnadan 2,5 ming tonnagacha ko‘paygan.

Yonilg‘i narxi ham qimmatlashdi

Ta’minotdagi o‘zgarishlar Tojikiston ichki bozoridagi narxlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. AI-92 benzini bir litri 11–11,2 somoniydan 12–12,5 somoniygacha qimmatlagan.

Yozgi dizel narxi esa 13,4–13,8 somoniydan 16,5–18,5 somoniygacha ko‘tarilgan. Ayrim shoxobchalarda AI-95, AI-98 benzini va dizel savdosiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan.

Tojikiston yangi yetkazib beruvchilar izlamoqda

Tojikiston hukumati yonilg‘i importini diversifikatsiya qilish maqsadida Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron, Iroq va Belarus bilan qo‘shimcha yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Xitoydan yonilg‘i xarid qilish imkoniyati ham muhokama qilingan.

2026-yilning yanvar-iyun oylarida Tojikiston 244 ming tonna benzin, 300,2 ming tonna dizel va 40,4 ming tonna aviakerosin import qilgan. Umumiy neft mahsulotlari importi esa 922 ming tonnaga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga oshgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Qirg‘iziston O‘zbekistondan oyiga 20 ming tonnagacha yonilg‘i import qilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek