Urganchda kelishmovchilik sabab BYD haydovchisi uchta mashinaga zarar yetkazdi

Xorazm viloyati Urganch shahrida yuzaga kelgan kelishmovchilik janjalga, so‘ng avtomobillar to‘qnashuviga sabab bo‘ldi. BYD Chazor haydovchisi boshqa uchta avtomobilni qasddan urib, ularga texnik zarar yetkazgan. Bu haqda Xorazm viloyati IIB xabar berdi.
Hodisa qanday yuz bergan
Unga ko‘ra, voqea 4-avgust kuni Urganch shahridagi Istiqlol mahallasida sodir bo‘lgan. Ikki fuqaro o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik ortidan ulardan biri o‘ziga tegishli BYD Chazor’ni keskin boshqarib, boshqa avtomobillarga urilgan.

To‘qnashuv natijasida bir dona Cobalt, shuningdek yo‘l chetida turgan BYD Chazor va Damas shikastlangan.
Jabrlanganlar yo‘q
Hodisa vaqtida hech kim tan jarohati olmagan. Avtomobillarga esa texnik zarar yetgan.
Voqea haqidagi xabar «Tashvish tugmasi» orqali ichki ishlar organlariga yetib kelgan. Xodimlar voqea joyiga borib, haydovchining harakatlarini to‘xtatgan va hodisa ishtirokchilarini bo‘limga olib ketgan.
Hozirda holat yuzasidan Urganch shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gentra haydovchisiga hujum qilganlarga hukm o‘qilgani haqida yozgandi.