«Uyatli xonadon» «tamg‘a»si qonuniymi? XDP rahbarlarni ogohlantirdi

So‘nggi kunlarda ayrim hududlarda mahalliy hokimliklar, mas’ul tashkilotlar va mahalla mutasaddilari fuqarolarning uylariga kirib, xonadonlarni obodonlashtirish bo‘yicha turli talablar qo‘yayotgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ushbu holatlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Xonadonlarga «tamg‘a» qo‘yilayotgani haqida
XDP ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda fuqarolardan xonadonlarini obodonlashtirish bo‘yicha turli talablarni bajarish so‘ralmoqda. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga «Uyatli xonadon», mahallalarga esa «Sharmandali mahalla» kabi tamg‘alar o‘rnatilishi haqida xabarlar tarqalgan.
Partiya bunday holatlar fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy hayoti hamda uy-joy daxlsizligiga oid konstitutsiyaviy huquqlariga zid ekanligini bildirdi.
XDP: obodonlashtirish bosim orqali amalga oshirilmasligi kerak
Partiya xonadonlar, ko‘chalar va mahallalarni obod qilish ijobiy tashabbus ekanini qayd etdi. Biroq bu jarayon fuqarolarga bosim o‘tkazish yoki ularni kamsituvchi tamg‘alar bilan belgilash orqali emas, balki shaxsiy namuna, hamkorlik, amaliy yordam va qo‘llab-quvvatlash asosida tashkil etilishi kerak.
«Insonning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilmasligi kerak»
XDPning ta’kidlashicha, insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan ma’muriy choralarni qo‘llashga urinish demokratik huquqiy davlat tamoyillariga zid.
Partiya mutasaddilarni aholi bilan muloqotda fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘sini kamsituvchi usullardan voz kechishga chaqirdi.
«Fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar bilan muloqotda har bir mutasaddi odob-axloq qoidalariga rioya qilishi lozim», — deyiladi bayonotda.
Partiya mutasaddilarni qonun ustuvorligi, inson qadri, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga amal qilishga chaqirgan.
Avvalroq Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Sherzod Salixov bodonlashtirish qoidalariga amal qilmagan xonadonlarga «Uyatli xonadon», hududi tartibsiz mahallalarga esa «Sharmandali mahalla» yozuvli plakatlarni ilib chiqishga buyruq bergandi.