Aktyor va rejissyor Abdumannon Ubaydullayev vafot etdi

O‘zbekiston san’at va madaniyat sohasi og‘ir judolikka uchradi. Taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi ma’lum qildi.
Abdumannon Ubaydullayev nafaqat iqtidorli aktyor, balki mohir ustoz va kinorejissyor sifatida ham o‘zbek kinosi tarixida chuqur iz qoldirdi. Tomoshabinlarga u, ayniqsa, Zulfiqor Musoqovning «Vatan» filmidagi takrorlanmas ijrosi bilan yaxshi tanish.
Bundan tashqari, ijodkor «Omad», «So‘nggi lahza», «Hijron», «Nazar», «Yigit yig‘lamasin», «Aldangan ko‘ngil», «Mehr» kabi qator badiiy filmlarda hamda milliy teleseriallarda o‘ziga xos obrazlarni yaratgan.
Umrining so‘nggi kunlarigacha san’atga sadoqat bilan xizmat qilgan professor Abdumannon Ubaydullayev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining «Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati» kafedrasida yosh avlodga ta’lim berib kelayotgan edi.
Avvalroq Kursiv nashri Abduqodir Husanovning bobosi Husan bobo olamdan o‘tgani haqida xabar bergan edi.