Apple, Google va Amazon O‘zbekistonga kirishi uchun yo‘l ochildi

eʼlon qilindi
IT Park hududida ingliz huquqi asosida ishlaydigan va xorijiy investorlarga maxsus imtiyozlar beruvchi yangi markaz tashkil etiladi.
Rasm Si yordamida yaratilgan / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston Senati IT Park hududida ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

Ushbu qaror global IT-kompaniyalarini jalb qilish orqali 2030-yilgacha soha eksportini $5 mlrd ga yetkazish va 300 mingta yangi yuqori maoshli ish o‘rni yaratish maqsadini ko‘zlaydi.

«Enterprise Uzbekistan» — yangi markaz va uning huquqiy asosi

Senatning 18-yalpi majlisida «Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi va ma’qullandi. IT Park hududida tashkil etiladigan ushbu markaz ingliz huquqi tamoyillari asosida ishlaydi. Qonunga muvofiq, markazni tashkil etish, uning chegaralarini o‘zgartirish va strategik boshqaruv kabi masalalar bevosita prezident qarorlari bilan tartibga solinadi.

Investorlar uchun qanday imtiyozlar kafolatlanadi

Yangi qonun doirasida investorlar uchun bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, moslashuvchan soliq va bojxona tartibi, ma’lum faoliyat turlari uchun soliq imtiyozlari hamda uskuna va texnologiyalarni import qilishning soddalashtirilgan tizimi joriy etiladi. Markaz ishtirokchilarini ro‘yxatga olish va ma’muriy masalalarni hal qilish «yagona darcha» tizimi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, intellektual mulk va investitsiyalar himoyasi xalqaro standartlar darajasida kafolatlanadi.

Global gigantlar va mahalliy mutaxassislar uchun imkoniyatlar

Senatorlarning ta’kidlashicha, bunday qulay huquqiy muhit Apple, Google, Microsoft va Amazon kabi jahon texnologiya gigantlarining O‘zbekiston bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelishi uchun mustahkam asos yaratadi. Natijada, mamlakat YIMda IT-sektor ulushi keskin oshib, mahalliy yoshlarga o‘z vatanida turib jahon darajasidagi daromad topish imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq Kursiv nashri Apple, Google va Meta O‘zbekistonda 143,8 mlrd so‘m soliq to‘lagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek