1-sentabrdan avtobusga chiqqan zahoti yo‘lkira haqini to‘lash kerak bo‘ladi

eʼlon qilindi
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida keltirib o‘tildi
Foto: Hafiza Muxtorova / Kursiv Uzbekistan

2026-yil 1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida ishlaydigan barcha shahar avtobuslarida yo‘lkira to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida keltirib o‘tildi.

To‘lov avtobusga chiqishda amalga oshiriladi

Yangi qoidaga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi kerak. Buning uchun transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz to‘lov vositalaridan foydalanish mumkin.

To‘lamagan yo‘lovchiga jarima

Agar yo‘lovchi avtobusga chiqqan paytda yo‘l haqini to‘lamasa yoki tegishli imtiyozini tasdiqlamasa, u chiptasiz ketayotgan yo‘lovchi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent avtobuslarida naqd pulda to‘lov qilish amaliyoti to‘liq bekor qilingan bo‘lib, yo‘lovchilar elektron to‘lov yoki bir martalik QR-chiptalar yordamida to‘lovni amalga oshirishlari talab etildi.

Shu munosabat bilan Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Aksariyat yo‘lovchilar yangi tizim qulayligini e’tirof etib, yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lagan bo‘lsa, ayrimlari sababsiz to‘lovni amalga oshirmasdan avtobusdan tushib ketayotgani kuzatilmoqda.

Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida jamoat transportida kuchaytirilgan nazorat reydlari boshlandi. Endilikda nazoratchi va inspektorlar yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘langanini joyida tekshiradi. Yo‘lovchilar bir martalik QR-chiptalarni safar davomida o‘zlarida saqlab, talab qilinganda taqdim etishlari shart.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 79,6 ming chiptasiz yo‘lovchi jarimaga tortilgani haqida yozgandi.

Shuningdek