Sport

Abduqodir Husanov «Manchester Siti» safidan vaqtincha ketdi

Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ni muddatidan oldin tark etdi
Foto: Instagram/ Husanov

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ning Osiyodagi mavsumoldi yig‘inini muddatidan oldin tark etdi. Bu haqda Sports.kz nashri xabar bermoqda.

Futbolchiga shaxsiy sabablar tufayli uyiga qaytishga ruxsat berilgan. Jurnalist Saymon Baykovski ma’lumotiga ko‘ra, Husanov yaqin vaqt ichida yana jamoa mashg‘ulotlariga qaytishi kutilmoqda.

Husanov «Atletiko»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi

Muddatidan oldin safardan qaytgani sababli o‘zbekistonlik himoyachi «Manchester Siti»ning Osiyo turnesidagi so‘nggi uchrashuvida ishtirok etmadi.

Angliya klubi Ispaniyaning «Atletiko» jamoasiga qarshi bahs olib bordi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Husanov ushbu uchrashuv uchun qaydnomaga kiritilmadi.

Avvalroq, 7-avgust kuni futbolchining bobosi Husan Hoshimov vafot etgani haqida xabar berilgan edi. U «Bunyodkor» U-19 jamoasi bosh murabbiyi Hikmat Hoshimovning otasi bo‘lgan.

Foto: Instagram/ Husanov

Futbolchi haqida

Abduqodir Husanov O‘zbekiston terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi hisoblanadi. U markaziy himoyada harakat qiladi va jismoniy kuchi, tezligi hamda yakkama-yakka kurashlardagi o‘yini bilan ajralib turadi.

Husanov «Manchester Siti» tarkibida Angliya va xalqaro musobaqalarda maydonga tushib kelmoqda. U, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy himoyachilaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abduqodir Husanov klub bilan shartnomasini 2031-yilgacha uzaytirganidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirgani haqida yozgan edi.