Avto

Chevrolet Tahoe uchun chegirmalar e’lon qilindi

Chevrolet Tahoe uchun chegirmalar e’lon qilindi
Foto: Chevrolet

Chevrolet 2026-yil avgust oyida Chevrolet Tahoe SUV modeli uchun yangi moliyaviy takliflarni e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

AQSH bozorida 2026-yilgi Chevrolet Tahoe’ni uzoq muddatli kredit asosida xarid qilish mumkin, ayrim dilerlik markazlarida esa lizing dasturlari ham mavjud. Takliflar 2026-yil 31-avgustgacha amal qiladi.

Kredit muddati 84 oygacha yetadi

2026-yilgi Chevrolet Tahoe’ni GM Financial orqali moliyalashtirishda 60 oygacha bo‘lgan kredit uchun yillik stavka 5,9 foiz etib belgilangan.

Kredit muddati 84 oygacha uzaytirilsa, yillik stavka 6,9 foizni tashkil qiladi. Ayrim hududlarda dilerlik markazlari alohida lizing shartlarini ham taklif qilmoqda.

Taklifdan foydalanish uchun avtomobil 31-avgustgacha xaridorga topshirilishi kerak. Imtiyozlar barcha mijozlar uchun bir xil bo‘lmasligi mumkin.

Foto: Chevrolet

Chevrolet Tahoe narxi $63,5 mingdan boshlanadi

2026-yilgi Chevrolet Tahoe’ning AQSHdagi boshlang‘ich narxi $63 495 ni tashkil qiladi. Bu narx LS komplektatsiyasiga tegishli.

LT versiyasi $66 495, RST $71 495, Z71 esa $73 495 dan boshlanadi. Premier komplektatsiyasi $78 395, High Country esa $81 995 ga baholangan.

Mazkur narxlarga $2 795 miqdoridagi yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.

Modelga yangi opsiyalar qo‘shildi

2026-yilgi Chevrolet Tahoe 2025-yilda yangilangan model asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yangi model yilida bir qator qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ldi.

Foto: Chevrolet

Ulardan biri RST Dark Essentials Package bo‘lib, tashqi dizaynga ko‘proq qora bezak elementlari va 24 dyuymli qora g‘ildiraklarni qo‘shadi.

Yana bir yangilik Cabin Glance kamera tizimi hisoblanadi. U haydovchiga orqa o‘rindiqlardagi holatni multimedia ekranidan kuzatish imkonini beradi.

Chevrolet Tahoe uchun GM Key Card texnologiyasi ham taklif qilinmoqda. Bank kartasi o‘lchamidagi ushbu elektron kalit orqali avtomobilni qulflash, ochish va ishga tushirish mumkin.

Uch xil dvigatel saqlanib qolgan

Foto: Chevrolet

2026-yilgi Chevrolet Tahoe’ning dvigatellar qatori avvalgi model yiliga nisbatan o‘zgarmagan.

Bazaviy versiyalarda 5,3 litrli V8 benzin dvigateli qo‘llanadi. U 355 ot kuchi va 519 Nm atrofida aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.

Kuchliroq 6,2 litrli V8 motor esa 420 ot kuchiga ega. Uning aylantiruvchi momenti qariyb 624 Nm ni tashkil qiladi.

Shuningdek, model 3,0 litrli olti silindrli Duramax turbodizel bilan ham taklif etiladi. Ushbu dvigatel 305 ot kuchi va taxminan 671 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sergelida 110 mln so‘mdan boshlab qanday avtomobillarni sotib olish mumkinligi haqida yozgan edi.