Denovda buzilgan uy o‘rniga oilaga yangi turar joy qurib beriladi

eʼlon qilindi
Hokim masalani nazoratga oldi
Denovda buzilgan uy o‘rniga oilaga yangi turar joy qurib beriladi
Foto: Videodan olindi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida noqonuniy qurilgan uy sud qarori asosida buzilganidan so‘ng, u yerda yashagan oilaga yangi uy-joy qurib berilishi ma’lum qilindi. Bu haqda viloyat Majburiy ijro byurosi xabar berdi.

Uy sud qarori bilan buzilgan

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Denovda fuqaroning uyi ogohlantirishsiz buzilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Majburiy ijro byurosi holatga aniqlik kiritib, buzish ishlari sud hujjati asosida amalga oshirilganini bildirdi.

Gap G‘alaba massivi, Chuqurqishloq mahallasida joylashgan 0,20 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerida qurilgan uy va boshqa inshootlar haqida ketmoqda. Sud qarorida ushbu yer maydonini noqonuniy qurilmalardan tozalash va avvalgi holatiga qaytarish belgilangan.

Qaror ijrosi 7-avgustda ta’minlangan

Mazkur ijro hujjati 2026-yil yanvarida MIBning Denov tuman bo‘limiga kelib tushgan. Fuqarolarga sud hujjati talablarini bajarish zarurligi haqida ogohlantirish berilgan.

Ijro jarayoni bir muddat sud qarori bilan to‘xtatilgan, keyinchalik bu cheklov bekor qilingan. Talablar ixtiyoriy bajarilmagani sababli 7-avgust kuni noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari amalga oshirilgan.

Hokim masalani nazoratga oldi

Voqeadan keyin Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov uyi buzilgan er-xotin bilan uchrashgan. Oilaning uy-joy masalasi alohida nazoratga olingan.

Ma’lum qilinishicha, fuqaroning manfaatlarini ta’minlash maqsadida unga yangi turar joy qurib beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shahrisabz hokimining xonadonga kirib, uy egasini tanqid qilgan muhokamalarga sabab bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek