
Bugun Jorjina Rodriges ko‘pchilikka Krishtianu Ronalduning jufti, model va ijtimoiy tarmoqlardagi mashhur shaxs sifatida tanish. Biroq uning hozirgi hashamatli hayotidan oldingi davri ancha boshqacha bo‘lgan. Kursiv Uzbekistan Jorjina Rodriges haqidagi beshta qiziqarli faktni jamladi.
1-fakt. Balet uning bolalikdagi eng katta mashg‘uloti bo‘lgan
Jorjina Rodriges 1994-yilda Argentinaning Buenos-Ayres shahrida tug‘ilgan, biroq bolaligining katta qismini Ispaniyaning shimoli-sharqidagi Xaka shahrida o‘tkazgan. Oilaning moliyaviy imkoniyatlari har doim ham yetarli bo‘lmagan. Netflix’ning Tudum nashri yozishicha, maktab davrida Jorjina o‘zini ko‘pincha yolg‘iz his qilgan va aynan onasi uni balet mashg‘ulotlariga olib borgan. Raqs keyinchalik uning sevimli mashg‘ulotiga aylangan.

U balet bilan 16 yoshigacha shug‘ullangan. Keyinchalik moliyaviy sabablar tufayli professional raqs yo‘nalishini davom ettira olmagan. Jorjinaning o‘zi Vogue Portugal’ga bergan intervyusida balet unga yoshligidanoq intizom, mehnatsevarlik va ruhiy muvozanatni saqlashni o‘rgatganini ta’kidlagan.
Shunday qilib, bugungi moda namoyishlari va qizil yo‘laklardagi o‘ziga ishonch ortida uning bolalikdan shakllangan raqs tajribasi ham bor.
2-fakt. U bir vaqtning o‘zida bir nechta joyda ishlagan
Jorjinaga mashhurlik kelishidan avval uning kundalik hayoti ancha oddiy bo‘lgan. 18 yoshida Madridga ko‘chib o‘tishni istagan, ammo bunga yetarli mablag‘i bo‘lmagani sabab avval mehmonxonada ishlagan. Keyinchalik Madridda Massimo Dutti do‘konida savdo xodimi bo‘lib faoliyat yuritgan, ayrim kunlari esa qo‘shimcha ravishda barda ishlagan.

Netflix Tudum ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha yillarda Rodriges uzoq avtobus safarlariga chiqishi, haftaning ayrim kunlarida ikki xil ishda ishlashi va avval ombor sifatida foydalanilgan kichik uyda yashashiga to‘g‘ri kelgan. Uning oylik ijara xarajati qariyb $325 bo‘lgan.
Keyinchalik Jorjina bu davrini eslar ekan, o‘z hayotidagi keskin o‘zgarishni juda sodda jumla bilan ifodalagan: avvallari u qimmatbaho sumkalarni mijozlarga sotgan bo‘lsa, keyinchalik ularni o‘zi xarid qila boshlagan.
3-fakt. Ronaldo bilan uchrashuvi qo‘shimcha 30 daqiqadan boshlangan
Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronalduning tanishuvi oldindan rejalashtirilgan uchrashuv yoki mashhur kishilar qatnashadigan tadbirda yuz bermagan. O‘sha paytda Jorjina Madriddagi Gucci butikida savdo maslahatchisi bo‘lib ishlagan.

Netflix Tudum hikoyasiga ko‘ra, kunlarning birida hamkasbi undan muhim mijoz kelishi sabab ish tugaganidan keyin yana taxminan 30 daqiqa qolib turishni so‘ragan. Jorjina rozi bo‘lgan. Do‘konga kelgan mijoz esa Krishtianu Ronaldo bo‘lgan. U o‘g‘li Krishtianu Junior va do‘stlari bilan butikga kirgan. Rodriges keyinchalik Ronalduni birinchi marta ko‘rganida hayajonlanganini eslagan.
Ularning hayotidagi eng katta burilishlardan biri, demak, Jorjinaning ish joyida atigi yarim soat ko‘proq qolishga rozi bo‘lishidan boshlangan.
Keyinchalik ularning turmush tarzidagi keskin farqni Rodrigesning o‘zi ham hazil bilan eslagan: hamkasblari ishga avtobusda kelib-ketgan bir paytda, Ronaldo uni ishidan Bugatti avtomobilida olib ketgan va bu do‘kondagi xodimlarni hayratga solgan.
4-fakt. Netflix seriali aynan uning tug‘ilgan kunida chiqqan
Jorjina faqat Ronalduning jufti sifatida ommaviy axborot vositalarida ko‘rinish bilan cheklanib qolmadi. U o‘z hayotiga bag‘ishlangan «I Am Georgina» realiti-serialining bosh qahramoniga aylandi.

Loyihaning birinchi mavsumi 2022-yil 27-yanvar, ya’ni Rodrigesning 28 yoshga to‘lgan kunida Netflix’da namoyish etilgan. Serialda uning oilaviy hayoti, onalik, do‘stlari, biznes faoliyati va mashhurlik ortidagi kundalik hayoti ko‘rsatilgan.
Vogue Arabia ma’lumotiga ko‘ra, Jorjina loyihada nafaqat bosh qahramon, balki ijrochi prodyuser sifatida ham qatnashgan. 2024-yil sentabrida esa serialning uchinchi mavsumi chiqarilib, unda oilaning Saudiya Arabistoniga ko‘chishi ham yoritilgan.
Shu tariqa, «I Am Georgina» Rodrigesga Ronalduning mashhurligidan tashqarida ham o‘z shaxsiy media brendini yaratish imkonini berdi.
5-fakt. Uning unashtiruv uzugi 50 karatgacha baholangan
Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldo uzoq yillik munosabatlardan so‘ng 2025-yil avgustida unashtirilganini ma’lum qildi. E’tiborni esa nafaqat unashtiruvning o‘zi, balki Rodriges taqqan ulkan brilliant uzuk ham tortdi.

Forbes murojaat qilgan zargarlik mutaxassislaridan biri uzukdagi oval shakldagi markaziy brilliantni taxminan 50 karat deb baholagan. Boshqa gemolog esa tosh hajmi 55–60 karatgacha yetishi mumkinligini aytgan va uzuk qiymatini qariyb $3 mln deb hisoblagan. Bu raqamlar rasmiy narx emas, balki fotosuratlarga asoslangan ekspert bahosidir. Uzukni qaysi zargarlik uyi tayyorlagani ham rasman ochiqlanmagan.
Forbes taqqoslashiga ko‘ra, taxminiy hajm tasdiqlansa, Rodrigesning brilliant uzugi so‘nggi yillarda mashhur insonlarga sovg‘a qilingan eng yirik unashtiruv uzuklaridan biri hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodriges qiziga Ronaldu bergan sovg‘ani hadya qilgani haqida yozgan edi.