«Odisseya» Kristofer Nolanning eng kassabop filmiga aylandi

Kristofer Nolanning «Odisseya» filmi rejissyorning faoliyatidagi eng yuqori kassabop natijani qayd etdi. Kartina to‘rt haftalik prokat davomida dunyo bo‘yicha $1,1 mlrd daromad keltirdi.
Nolan rekordini yangiladi
Filmning $461,1 mlnlik tushumi Shimoliy Amerikaga, yana $643,6 mlni xalqaro prokatga to‘g‘ri kelgan.
Shu tariqa «Odisseya» Nolanning avvalgi eng daromadli filmi — «Qorong‘u ritsar: Afsona qaytadi»ni ortda qoldirdi. Ushbu film prokat yakunida $1,085 mlrd yig‘gan edi.
«Odisseya»ning muvaffaqiyati natijasida rejissyorning barcha filmlari umumiy kassasi $7 mlrddan oshdi.
R reytingidagi filmlar orasida ikkinchi
Nolanning yangi kartinasi kattalar uchun mo‘ljallangan R reytingli filmlar orasida ham yuqori natija ko‘rsatdi. «Odisseya» $1,1 mlrdlik tushum bilan tarixdagi eng kassabop R reytingli filmlar orasida ikkinchi o‘ringa chiqdi.
Bu borada undan faqat «Dedpul va Wolverine» filmi oldinda — uning jahon bo‘yicha tushumi $1,33 mlrdni tashkil etadi.
Shuningdek, «Odisseya» 2026-yilning Shimoliy Amerika va jahon prokatidagi eng muvaffaqiyatli R reytingli filmiga aylandi.
Aktyorlar uchun ham rekord
Film bosh rollarni ijro etgan Mett Deymon, Enn Heteuey va Robert Pattinson faoliyatida ham eng yuqori kassabop natijani qayd etdi.
Kartina tomoshabinlar bahosida CinemaScore’dan A reytingini olgan. «Odisseya» 2026-yilda jahon bo‘yicha $1 mlrdlik chegaradan oshgan beshinchi film bo‘ldi.
Hozircha yilning eng kassabop filmi «O‘rgimchak odam: Yangi kun» bo‘lib, uning tushumi $1,26 mlrddan oshgan. «Odisseya» ikkinchi, «O‘yinchoqlar tarixi — 5» esa $1,09 mlrdlik natija bilan uchinchi o‘rinda turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Odisseya» ikki haftada 639 mln dollar soqqa qilgani haqida yozgandi.