Rossiyadagi dron hujumida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani aytilmoqda

Rossiyaning Tatariston respublikasidagi Nijnekamsk shahriga uyushtirilgan dron hujumida halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham borligi ma’lum qilindi. Interfax ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida jami 13 kishi vafot etgan, 75 kishi tibbiy yordam so‘ragan.
Halok bo‘lganlar orasida xorijliklar bor
Tatariston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Nijnekamskdagi hujum qurbonlari orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham bor.
Hozircha halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari soni va ularning shaxsi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Hujum 10-avgust kuni sodir bo‘lgan
10-avgust kuni ertalab Nijnekamskdagi ishlab chiqarish va fuqarolik obyektlariga dronlar hujum qilgani xabar qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 13 kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan. Yana 75 kishi shifokorlarga murojaat qilgan.
Tergov ishi qo‘zg‘atildi
Rossiya tergov organlari dron hujumi yuzasidan terrorchilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, zarba turarjoy sektori va sanoat obyektlariga berilgan. Hujum vaqtida obyektlarda harbiy harakatlarga aloqasi bo‘lmagan fuqarolar bo‘lgan.
Tataristonda motam e’lon qilindi
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov halok bo‘lganlar xotirasi uchun motam e’lon qildi. Rasmiylar jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning eng yirik marketplace’laridan biri Wildberries obyektlariga ketma-ket uyushtirilgan dron hujumlari kompaniyaning logistika tizimiga jiddiy zarar yetkazgani haqida xabar berilgandi. Shu fon’da ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya Rossiyadagi ayrim logistika quvvatlarini Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonga ko‘chirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.