
Avatr brendi tomonidan Xitoyda yangi Avatr 07L avtomobili rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Krossoverning eng kuchli versiyasi uchta elektromotor, 955 ot kuchi va 996 Nm aylantiruvchi momentga ega. Cheklangan muddatli chegirmalar hisobga olinganda model narxi 219,9 ming yuandan, ya’ni qariyb $32,6 mingdan boshlanadi. Uch motorli yuqori versiyaning narxi esa 269,9 ming yuan, taxminan $40 mingni tashkil qiladi.
Uch motorli versiya 3,7 soniyada 100 km/soatga chiqadi
Avatr 07L’ning eng kuchli to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiyasida old o‘qda 210 kVt yoki 282 ot kuchiga ega elektromotor o‘rnatilgan. Orqa qismda esa har biri 251 kVt yoki 337 ot kuchi ishlab chiqaradigan yana ikkita elektromotor ishlaydi.
Uchala motorning umumiy quvvati 712 kVt yoki 955 ot kuchiga, maksimal aylantiruvchi moment esa 996 Nm ga yetadi. Krossover 0 dan 100 km/soatgacha 3,7 soniyada tezlashadi. Maksimal tezligi 200 km/soat etib belgilangan.
Avtomobil 89,33 kVt·soat sig‘imli CATL LFP akkumulyatori bilan jihozlangan. Uch motorli versiyaning CLTC standarti bo‘yicha yurish zaxirasi 650 kilometrni tashkil qiladi.
Bir motorli versiya 725 kilometrgacha yuradi
Orqa g‘ildirakdan tortuvchi Avatr 07L bitta 305 kVt yoki 409 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan.
Mazkur versiya 100 km/soat tezlikka 5,9 soniyada chiqadi va maksimal 200 km/soat tezlikka erisha oladi. Xuddi shu 89,33 kVt/soatli akkumulyator bilan uning yurish zaxirasi CLTC siklida 725 kilometrga yetadi. 800 voltli yuqori kuchlanishli platforma tufayli akkumulyatorni 30 foizdan 80 foizgacha 10 daqiqadan kamroq vaqtda quvvatlash mumkin.
Salonda 35,4 dyuymli ekran o‘rnatilgan
Avatr 07L saloni Huawei texnologiyalari bilan jihozlangan. Old panel bo‘ylab, old oynaning tagida 35,4 dyuymli cho‘zilgan displey joylashgan. U asosan raqamli asboblar paneli vazifasini bajaradi.
Markaziy konsolda Huawei HarmonyOS tizimida ishlaydigan 15,6 dyuymli multimedia ekrani mavjud. Avtomobil yon ko‘zgular o‘rniga kameralar bilan ham buyurtma qilinishi mumkin. Bunday holatda salonda kameralar tasvirini aks ettiradigan qo‘shimcha displeylar o‘rnatiladi.
25 ta karnay va LiDAR mavjud
Avatr 07L Huawei Qiankun ADS 5 haydovchiga yordam berish tizimiga ega. Uning tarkibiga 896 liniyali LiDAR ham kiradi.
Salonda Nappa charm bilan qoplangan o‘rindiqlar, old yo‘lovchi uchun «nol gravitatsiya» rejimi va orqa o‘rindiqlar suyanchig‘ini elektr yordamida 130 darajagacha sozlash imkoniyati mavjud. Avtomobil 25 tagacha Huawei audio karnaylari, smartfon uchun simsiz quvvatlash maydonchasi hamda qo‘shimcha proyektor bilan jihozlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Avatr 07L avtomobili 955 ot kuchi bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.