
Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisara Assaubayeva AQShda o‘tayotgan Cairns Cup-2026 ayollar superturnirini durang bilan boshladi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan xabar bermoqda.
Birinchi turda u qora donalarda ukrainalik Anna Muzichuk bilan 43-yurishda durangga kelishdi. 22 yoshli Assaubayeva turnirning reyting bo‘yicha asosiy favoritlaridan biri hisoblanadi. Uning FIDE reytingi 2538 ochkoni tashkil etadi. Muzichukning reytingi esa 2529 ochkoga teng.
Sovrin jamg‘armasi $250 mingni tashkil qiladi
Cairns Cup-2026 musobaqasida yetti nafar grossmeyster va uch nafar xalqaro usta ishtirok etmoqda. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi $250 ming bo‘lib, bu ayollar shaxmatidagi eng yirik mukofot fondlaridan biri sanaladi.
Birinchi turda Xitoy vakili, 16-jahon chempioni Tan Chjuni, hindistonlik Divya Deshmux va amerikalik Elis Li g‘alaba qozondi.
Assaubayeva ikkinchi turda Hindiston vakili Vaishali Rameshbabu bilan uchrashadi. Vaishali birinchi turda oq donalarda Divya Deshmuxga imkoniyatni boy berdi.
G‘olib $60 ming oladi
Musobaqa AQSHning Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Turnirda o‘nta shaxmatchi bir davrali tizimda o‘zaro kuch sinashadi.
G‘olib $60 ming mukofot oladi. Ikkinchi o‘rin egasiga $50 ming, uchinchi o‘rin sohibiga esa $40 ming beriladi. Turnirning barcha ishtirokchilari pul mukofoti bilan taqdirlanadi, eng past o‘rinni egallagan shaxmatchiga ham $7 ming to‘lanadi.
Partiyalar klassik vaqt nazorati bo‘yicha o‘tkaziladi. Shaxmatchilarga dastlabki 40 yurish uchun 90 daqiqa, keyin partiya yakuniga qadar yana 30 daqiqa beriladi. Har bir yurishdan so‘ng vaqtga 30 soniya qo‘shib boriladi.
Assaubayeva o‘tgan yili yettinchi o‘rinni egallagan
Cairns Cup turniri 2019-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Musobaqa Sent-Luis shaxmat klubi hammuassislaridan biri Jinn Kerns Sinkfild nomi bilan atalgan.
Bibisara Assaubayeva o‘tgan yilgi Cairns Cup’da ham qatnashib, yettinchi o‘rinni egallagan edi. Qozog‘istonlik shaxmatchi uch karra blits bo‘yicha jahon chempioni hisoblanadi va 2026-yilgi turnirda reyting bo‘yicha eng kuchli ishtirokchilardan biri sifatida qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bibisara Assaubayeva FIDE reytingida 5-o‘rinda qolgani haqida yozgan edi.