Bo‘stonliqda 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish aniqlandi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Energetika vazirligiga ko‘ra, qoidabuzarlik oqibatida 1 mlrd 52 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Holat «Hududgaz Toshkent» gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan.
Dala hovlida gazdan hujjatlarsiz foydalanilgan
Tekshiruv Bo‘stonliq tumanining «Qoronko‘l» mahallasida joylashgan, fuqaroga qarashli dala hovlida o‘tkazilgan. Xatlov davomida obyekt tabiiy gaz tarmog‘idan loyiha-texnik hujjatlarisiz foydalanib kelayotgani aniqlangan. Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Zarar 1 mlrd 52 mln so‘mga baholandi
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy gaz iste’moli natijasida yetkazilgan zarar miqdori 1 mlrd 52 mln so‘mni tashkil etgan. Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Ayni paytda hududlarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yangihayot va Sergeli tumanlarida gaz ta’minoti 4 kunga to‘xtatilishi haqida yozgan edi.