
Jorjina Rodriges va Krishtianu Ronaldu yaqin kunlarda yashirincha turmush qurishi mumkinligi haqidagi xabarlar yana tasdiqlanmadi. Portugaliyada juftlikning ehtimoliy to‘yi kutilayotgan bir paytda, Jorjina farzandlari bilan Italiyaning Kapri oroliga yo‘l oldi, deya xabar bermoqda Marca.
Marca ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va ko‘ngilochar nashrlarda Ronaldu va Jorjina avgust boshida Portugaliyaning Madeyra orolidagi Funshal soborida nikohdan o‘tishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq bunday marosim bo‘lib o‘tmadi.
Jorjina farzandlari bilan Kapriga jo‘nab ketdi
Jorjina taxmin qilingan «asal oyi» o‘rniga farzandlari bilan Italiyaning Kapri oroliga safar qildi. U yerga xususiy samolyotda yetib borgan.
Rodriges ijtimoiy tarmoqlarda O‘rta yer dengizi manzaralari, mahalliy taomlar va oilaviy hordiqdan lavhalarni namoyish etdi.
Safar faqat dam olish bilan bog‘liq emas. Jorjina ayni paytda o‘zining MIMOA nomli sport va kundalik kiyimlar brendini rivojlantirish bilan ham shug‘ullanmoqda.
Portugaliyada to‘y kutganlar sobor oldiga yig‘ildi

Ronaldu va Jorjinaga oid to‘y mish-mishlari Portugaliyada shu qadar keng tarqalganki, Marca yozishicha, yuzlab sayyoh va qiziquvchilar Funshal sobori atrofiga kelgan.
Ular mashhur juftlikning nikoh marosimini ko‘rishga umid qilgan, biroq kutilgan to‘y o‘tkazilmagan.
Ronaldu va Jorjina bir necha yildan beri birga yashab kelmoqda. Shunga qaramay, ular to‘y sanasi va marosim tafsilotlarini hozirgacha rasman e’lon qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodriges haqida qiziqarli 5 ta faktni e’lon qilgan edi.