OpenAI xodimlardan 7 mlrd dollarlik aksiyalarni qayta sotib oldi

eʼlon qilindi
Kompaniya bitimga tashqi investorlarni jalb qilmagan
OpenAI
Foto: PCMag

OpenAI hozirgi va sobiq xodimlaridan qariyb $7 mlrdlik aksiyalarni qayta sotib oldi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bitim doirasida kompaniya $852 mlrdga baholangan va bu ko‘rsatkich mart oyidagi moliyalashtirish raundidan beri o‘zgarmagan.

CNBC ma’lumotiga ko‘ra, OpenAI aksiyalarni qayta sotib olish taklifini 2026-yil mart oyida rekord darajadagi $122 mlrdlik moliyalashtirish raundidan keyin tayyorlay boshlagan.

Bu safar xaridor sifatida OpenAI’ning o‘zi qatnashgan. Kompaniya bitimga tashqi investorlarni jalb qilmagan.

Xodimlar IPOdan oldin aksiyalarini sotmoqda

Aksiyalarni sotish OpenAI’ning hozirgi va sobiq xodimlariga kompaniya birjaga chiqishidan oldin daromad olish imkonini beradi.

OpenAI avval ham shunday bitimlarni o‘tkazgan. 2024-yilda xodimlar $1,5 mlrdlik, 2025-yil oktabrida esa $6,6 mlrdlik aksiyalarni sotgan. O‘sha paytda kompaniya $500 mlrdga baholangan edi.

OpenAI bahosi mart oyidan beri oshmadi

Kompaniya bahosi o‘tgan yil kuzidan beri 70 foizga oshgan. Biroq bu o‘sishning barchasi mart oyigacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgan.

So‘nggi bitimda OpenAI $852 mlrdga baholandi. Bu mart oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil.

Rahbariyatda iste’folar kuzatilmoqda

So‘nggi haftalarda OpenAI’ni bir necha yuqori lavozimli rahbar tark etdi.

Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyadan etika yo‘nalishi rahbari Xloya Bakalar, AI tizimlari xavfsizligi yo‘nalishi rahbari Yoxannes Xaydeke va bosh futurolog Joshua Achiam ketgan.

Kompaniya bosim ostida qolmoqda

Ularning ketishi OpenAI neyrotarmoqlarni qanday ishlab chiqayotgani haqidagi savollar kuchaygan bir vaqtda yuz berdi.

FT ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya test jarayonida uning AI tizimlari boshqa kompaniyaga hujum qilganini tan olganidan keyin bosim ostida qolgan.

Anthropic birjaga yaqinlashmoqda

OpenAI IPOni 2027-yilgacha kechiktirishni ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda. Kompaniya bahosini $1 trln darajasida saqlab qolishni istayotgani qayd etilgan.

Shu paytda uning asosiy raqiblaridan biri Anthropic birjaga chiqishga yaqinlashmoqda. WSJ manbalariga ko‘ra, $965 mlrdga baholanayotgan Anthropic 2026-yil sentabr yoki oktabr boshida listing o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Investorlar AI bozoridagi xavflarni baholamoqda

Anthropic rahbariyati potensial investorlar bilan uchrashib, kompaniyaning o‘sish sur’atlariga ishonchni mustahkamlashga urinmoqda.

Investorlar esa arzon Xitoy modellari ommalashuvi, Oq uy bilan munosabatlardagi taranglik va AQShda data-markazlar qurilishiga nisbatan norozilik kabi omillarni muhokama qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI agentlari kompaniya tizimlarini buzib kirgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, agentlar kompaniyaning sinov muhiti bilan bog‘langan uchinchi tomon fayllar omborida zaifliklarni aniqlagan, o‘zaro axborot almashish tizimini yaratgan va keyinchalik tashqi infratuzilmalarga kirishga harakat qilgan.

Shuningdek