Yangihayot va Sergeli tumanlarida gaz ta’minoti 4 kunga to‘xtatiladi

Toshkent shahrining Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi ayrim mahallalarda 12-avgust soat 08:00 dan 15-avgust soat 17:00 gacha gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bunga eski gaz taqsimlash punkti va yer osti gaz quvurini almashtirish ishlari sabab bo‘lmoqda.
Yangihayot tumani Tashabbus mahallasi Sergeli 5A mavzesida joylashgan eski gaz taqsimlash punkti hamda hududdagi yer osti gaz quvuri almashtiriladi.
Shu munosabat bilan Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi bir qator iste’molchilarga gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.
Yangihayotdagi qaysi mahallalarda gaz bo‘lmaydi
Yangihayot tumanida Yo‘ldosh, Mash’al, Olchazor, Xushnud, Navqiron, Yorqin hayot, Charog‘on, Chorbog‘, Viqor, Al-Farg‘oniy, Do‘stlik, Iqbol, Toshkent, Fayzli va Chortoq mahallalaridagi hovli xonadonlar, ko‘p qavatli uylar hamda ulgurji iste’molchilarda gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Sergelidagi qaysi mahallalarga ta’sir qiladi
Sergeli tumanida Mehrigiyo, O‘zgarish, Habibiy, Madadkor, Ziynat, Ezgulik, Yangi Sergeli, Sohibqiron, Sofdil, So‘g‘diyona, Ittifoq, Nilufar, Saxovat, Qipchoq, Qut-baraka va Daryo bo‘yi mahallalaridagi hovli xonadonlar, ko‘p qavatli uylar hamda ulgurji iste’molchilarda gaz bo‘lmaydi.
Ta’mirlash ishlari yakunlangach gaz ta’minoti bosqichma-bosqich qayta tiklanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangiyo‘l tumanida elektr va gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi boshqaruv tizimi yana 13 tumanda joriy etilishi haqida xabar berilgandi.