27 yilda ilk bor: Yer aholisi bugun noyob hodisaga guvoh bo‘ladi

eʼlon qilindi
Ushbu hodisa ba'zi mamlakatlarda yana 53 yildan keyin kuzatiladi
Foto: media.hollywoodlife.com

Bugun, 12-avgust kuni Yer aholisi noyob astronomik hodisa – to‘liq Quyosh tutilishiga guvoh bo‘ladi. Oy Quyosh bilan Yer orasidan o‘tib, Quyosh diskini to‘liq to‘sadi va ayrim hududlarda kunduzgi osmon qisqa vaqtga qorong‘ilashadi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Yevropada 27 yildan beri ilk bor

Reuters xabariga ko‘ra, to‘liq Quyosh tutilishi G‘arbiy Yevropaning materik qismida 1999-yildan beri ilk bor kuzatiladi.

Oy soyasi shimoliy Sibir, Arktika okeani va Grenlandiyaning sharqiy qismidan o‘tib, Islandiyaning g‘arbiy hududlari, Ispaniyaning shimoli hamda Portugaliyaning shimoli-sharqiy qismini kesib o‘tadi. Tutilish Ispaniyaning O‘rta yer dengizi sohillari yaqinida, quyosh botishi vaqtida yakunlanadi.

Qayerlarda to‘liq ko‘rinadi

To‘liq tutilishning eng katta fazasi Islandiyaning g‘arbida, Atlantika okeani ustida kuzatiladi. Reykyavikda to‘liq tutilish mahalliy vaqt bilan 17:48 da boshlanadi. Ispaniyaning A Coruña va Bilbao kabi shimoliy shaharlari esa Quyosh tutilishini quyosh botishiga yaqin, taxminan 20:28 dan boshlab to‘liq fazada kuzatishi mumkin.

Madrid va Barselonada esa tutilish to‘liq bo‘lmaydi — u yerda Quyoshning faqat bir qismi Oy bilan to‘siladi.

Osmon qorong‘ilashadi, harorat pasayadi

To‘liq Quyosh tutilishi vaqtida Oy Quyoshni butunlay to‘sib qo‘ygani sababli kunduzgi yorug‘lik keskin kamayadi. Bir necha daqiqaga tun taassuroti paydo bo‘lishi, harorat pasayishi va ayrim yulduzlar ko‘rinishi mumkin. Eng qiziq jihatlardan biri — to‘liq tutilish paytida Quyoshning odatda ko‘zga ko‘rinmaydigan tashqi atmosferasi, ya’ni koronasini kuzatish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Keyingi to‘liq tutilish qayerda kuzatiladi

2026-yilgi hodisadan keyin to‘liq Quyosh tutilishi:

  • 2028-yilda — Avstraliya va Yangi Zelandiyada;
  • 2030-yilda — Janubiy Afrikada;
  • 2035-yilda — Yaponiyada;
  • 2044-yilda — Kanada va AQShning g‘arbiy hududlarida;
  • 2045-yilda — Kanada va AQSh bo‘ylab kuzatiladi.

Yevropaning ayrim davlatlarida esa keyingi to‘liq tutilish uchun ancha uzoq kutishga to‘g‘ri keladi. Fransiyada bu hodisa 2081-yilgacha, Buyuk Britaniyada esa 2090-yilgacha takrorlanmaydi.

Ispaniya uchun ketma-ket uchta tutilish

Ispaniya uchun esa 2026-yilgi hodisa alohida ahamiyatga ega. Mamlakat 2026, 2027 va 2028-yillarda ketma-ket uchta Quyosh tutilishini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Keyingi to‘liq tutilish 2027-yil 2-avgustda sodir bo‘ladi. Uning to‘liq tutilish yo‘li Ispaniyaning janubidan o‘tib, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqning ayrim hududlarini ham qamrab oladi. 2028-yil 26-yanvarda esa Ispaniyadan halqasimon Quyosh tutilishi kuzatiladi.

Avvalroq «Kursiv» avgustda sayyoralar paradi, yulduz yog‘ini va quyosh tutilishi bir kunda kuzatilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek