Arab dunyosida birinchi bo‘lib Livan o‘lim jazosini bekor qildi

eʼlon qilindi
Livan o‘lim o‘rniga umrbod qamoq jazosini qo‘llaydi
Foto: Cassette.sphdigital.com

Livan parlamenti o‘lim jazosini bekor qildi. Shu tariqa mamlakat Arab dunyosida o‘lim jazosini umrbod ozodlikdan mahrum qilish va og‘ir mehnat bilan almashtirgan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda AP News xabar berdi.

O‘lim jazosi o‘rniga umrbod qamoq

9-avgust kuni Livanning 128 o‘rinli parlamenti o‘lim jazosini bekor qilishni ma’qulladi. Yangi tartibga ko‘ra, o‘lim jazosi og‘ir mehnat hamda umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtiriladi. Qonun loyihasini parlamentdagi «Hizbulloh» bloki qo‘llab-quvvatlamagan.

Adliya vaziri Adel Nassar parlamentdagi ovoz berishni mamlakat uchun «tarixiy qadam» deb atagan.

Livanda 2004-yildan beri qatllar amalga oshirilmagan

Livan 2004-yil yanvaridan buyon o‘lim jazosini ijro etishga norasmiy moratoriy joriy qilgan. Shunga qaramay, shu davrda o‘nlab kishilarga o‘lim jazosi tayinlangan, biroq keyinchalik ular ijrosi to‘xtatilgan yoki jazolar yengillashtirilgan.

Inson huquqlari tashkilotlari parlament qarorini olqishlagan. Human Rights Watch tashkilotining Livan bo‘yicha tadqiqotchisi Ramzi Kaiss mamlakat o‘lim jazosidan «yakuniy ravishda voz kechayotganini» ta’kidlagan.

Yangi jazo qanday ijro etilishi hozircha noaniq

Biroq «og‘ir mehnat» jazosi amalda qanday qo‘llanishi hozircha aniq emas. Livan qonunchiligida og‘ir mehnat jazosi mavjud bo‘lsa-da, mamlakatdagi moliyaviy muammolar va qamoqxonalarning haddan tashqari to‘lib ketgani sababli so‘nggi yillarda bunday jazolar ham kamdan-kam ijro etilgan.

Qaror umumiy amnistiya muhokamasi fonida qabul qilindi

O‘lim jazosining bekor qilinishi Livan parlamenti fuqarolar urushi tugagan 1990-yildan beri eng yirik umumiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Mazkur qonun ayrim mahkumlarning jazosini qisqartirish yoki ozod etish imkonini berishi mumkin. Bunda jangarilar va giyohvandlik moddalari savdosida aybdor deb topilgan shaxslar ham muhokama qilinayotgan toifalar qatorida, biroq ayrim istisnolar mavjud.

Avvalroq sakkizta musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan davlat Isroilning falastinliklarga qarshi harbiy sudlarda o‘lim jazosini asosiy hukm sifatida belgilovchi qonunni qat’iyan qoralagani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek