Ekstremal issiq kuchliroq va uzoqroq davom etadi – BMT

Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) ekstremal issiqlik tobora ko‘proq hududlarni qamrab olayotgani va uning davomiyligi uzayayotganidan ogohlantirdi.
Issiqlik endi orqaga chekinmaydi
Olimlar Yevropadagi hozirgi jazirama ortida nafaqat iqlim o‘zgarishi, balki quruq tuproq va isib ketgan dengizlar ham turganini aytmoqda.
Jenevada o‘tkazilgan brifingda WMO iqlim ma’lumotlari bo‘yicha rahbari Jon Kennedining ma’lum qilishicha, ekstremal issiqlik tez-tez takrorlanadi, kuchayadi, uzoqroq davom etadi va avvalgidan ancha katta hududlarni qamrab oladi.
Ayni paytda Yevropaning ayrim hududlari yoz boshidan beri beshinchi issiqlik to‘lqinini boshdan kechirmoqda. Jazirama qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari va rekord darajadagi haroratlar bilan birga kelmoqda.
1976-yil bilan bugungi issiqning farqi nimada
WMO mutaxassislari bugungi vaziyatni 50 yil avvalgi 1976-yil yozi bilan taqqosladi. Kennedining ta’kidlashicha, o‘sha paytda ham atmosferadagi yuqori va past bosim tizimlarining joylashuvi hozirgiga o‘xshash bo‘lgan. Ammo natija mutlaqo boshqacha edi.
1976-yilda issiq me’yoridan yuqori bo‘lgan hududlar ayrim joylar bilangina cheklangan. Bugun esa manzara deyarli teskari: dunyoning katta qismi odatdagidan issiqroq, salqinroq hududlar esa juda kam.
Buning asosiy sabablaridan biri – sayyoraning o‘nlab yillar davomida isib borishi.
Yevropadagi jazirama faqat havoning isishi bilan bog‘liq emas
WMO ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropadagi hozirgi ekstremal issiqlikni kuchaytirayotgan yana ikki muhim omil bor: O‘rta Yer dengizining g‘ayrioddiy darajada isib ketgani va tuproqdagi namlikning keskin kamaygani.
Issiq dengiz havoga qo‘shimcha issiqlik beradi. Quruq tuproq esa nam tuproqqa qaraganda tezroq qiziydi. Natijada havoning harorati yanada yuqorilaydi.
Shu tariqa bir-birini kuchaytiruvchi jarayon yuzaga keladi: issiqlik tuproqni quritadi, quruq tuproq esa issiqlikni yanada kuchaytiradi.
Avvalroq Yevropada iyul oyidagi rekord issiqlikdan so‘ng yana kuchli jazirama to‘lqini kuzatilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.