Endi kredit reklamalarining 10 foizi xatarlar haqida ogohlantirishga ajratilishi mumkin

eʼlon qilindi
Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Endi kredit reklamalarining 10 foizi xatarlar haqida ogohlantirishga ajratilishi mumkin
Foto: depositphotos

Markaziy bank kredit reklamalari va shartnomalarida qarz oluvchilarni moliyaviy xatarlar haqida majburiy ogohlantirish tartibini joriy etishni taklif qilmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

O‘zbekiston Markaziy banki kredit mahsulotlarini reklama qilish va kredit shartnomalarini rasmiylashtirishda qo‘shimcha ogohlantirishlarni majburiy joylashtirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasida keltirilgan.

Loyiha 11-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, muhokama 21-avgustgacha davom etadi.

Reklamaning kamida 10 foizi ogohlantirish uchun ajratiladi

Loyihaga ko‘ra, bank kredit reklamasida kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirish berishi kerak bo‘ladi.

Bunday ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni yoki davomiyligining kamida 10 foizini egallashi lozim. Ya’ni talab nafaqat bosma va internet reklamalariga, balki vaqt bilan o‘lchanadigan reklama materiallariga ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Kredit shartnomasining 30 foizida xatarlar ko‘rsatiladi

Kredit shartnomalariga nisbatan yanada batafsil talab taklif qilinmoqda. Bank shartnoma matni boshlanishidan oldin uning dastlabki qismining asosiy yuzasining kamida 30 foizini egallaydigan ogohlantirishni joylashtirishi kerak bo‘ladi.

Unda kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik umumiy qarzdorlikning oshishiga, qarzni majburiy undirish choralariga, qarzdorning mol-mulkiga undiruv qaratilishiga va hisobvaraqlardagi mablag‘larning xatlanishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatiladi.

Shuningdek, to‘lovlarni kechiktirish kredit tarixiga salbiy ta’sir qilib, kelajakda yangi kredit olish imkoniyatini cheklashi mumkinligi haqida ham qarz oluvchi ogohlantiriladi.

Banklarga ushbu ma’lumotlarni matn bilan birga grafik, infografika yoki boshqa vizual shaklda taqdim etishga ham ruxsat berilishi taklif qilinmoqda.

Chalg‘ituvchi kredit mahsulotlariga nisbatan chora ko‘rilishi mumkin

Loyihada bank tomonidan taklif qilinayotgan kredit mahsuloti iste’molchini chalg‘ituvchi deb topilgan holatlar bo‘yicha ham qo‘shimcha norma nazarda tutilgan.

Bunday holatda Markaziy bank bankka nisbatan tegishli choralar va sanksiyalar qo‘llashi, jumladan, ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish yoki infratuzilmani kengaytirishni olti oygacha cheklashi yoxud taqiqlashi mumkin.

Hujjat hozircha loyiha hisoblanadi. Takliflar tasdiqlansa, qaror rasmiy e’lon qilingan kundan bir oy o‘tib kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning ikkinchi choragida Markaziy bankka tijorat banklari faoliyati yuzasidan jami 11,3 mingta murojaat kelib tushgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank qayd etishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi banklarda xizmat ko‘rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Shuningdek