Kolumbiyadagi kuchli zilzilada 181 kishi halok bo‘ldi

Kolumbiyada 7,4 magnitudali kuchli zilzila oqibatida kamida 181 kishi halok bo‘ldi, qariyb 2,6 ming kishi jarohatlandi. Bu haqda BBC mahalliy rasmiylar ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan odamlarni izlashda davom etmoqda, qariyb 200 kishi bedarak yo‘qolgan.
Hodisa qachon yuz bergan
Zilzila dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:34 da sodir bo‘lgan va Kolumbiyaning g‘arbiy qismidagi yuzlab kilometr hududda sezilgan. Eng ko‘p qurbonlar Kali va Pereyra shaharlarida qayd etildi. Seshanba kuni ham mamlakatning turli hududlarida yer silkinishlari davom etdi.
Rasmiy ma’lumotlarda qurbonlar soni 181 nafar ekani ko‘rsatilmoqda. Biroq mahalliy hokimiyat organlaridan yig‘ilgan ma’lumotlar halok bo‘lganlar soni 240 nafardan oshishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Mamlakat prezidenti Abelardo de la Espriella favqulodda holat e’lon qildi.
Zararlar ko‘lami
Prezidentning Pereyrada bergan ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida 1,1 mingdan ortiq uy butunlay vayron bo‘lgan, yana 8 mingdan ziyod turar joyga zarar yetgan. Dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Kali va Pereyra kabi shaharlarda ko‘plab aholi uylarining vayron bo‘lgani yoki takroriy silkinishlardan qo‘rqib, tunni ochiq havoda o‘tkazgan.
2,2 mln aholi istiqomat qiladigan Kali shahrida 95 kishining o‘limi tasdiqlandi. Shaharda qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun yagona shtab tashkil etilgan. Kali meri Alexandro Eder ma’lumotiga ko‘ra, 239 kishi hanuz vayronalar ostida qolmoqda, 949 kishi jarohatlangan. Shahardagi 45 ta bino to‘liq yoki qisman qulagan.
Zilzila oqibatida Kali shahridagi shifoxonalardan birining yuqori qavatlari ham qulab tushgan. Binoning ayrim qismlarida bolalar davolanayotgan bo‘lgan va bir nechta bemor vayronalar ostida qolgan.
Kalining shimolidagi Kalima hududida Gimnasio Calima maktabining bir qismi qulashi natijasida to‘rt nafar bola halok bo‘ldi. Yana bir qancha o‘quvchi og‘ir jarohat olgan, jami 30 nafar bola tibbiyot muassasalariga olib ketilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kolumbiyadagi zilzilada 111 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.