Kripto birjalar mijozlarni identifikatsiya qilishda uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishi mumkin

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kriptoaktivlar sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchilar uchun noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.
Tegishli hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. O‘zgarishlar kripto birjalar, kripto-do‘konlar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilarning ichki nazorat tizimiga taalluqli.
Mijozni tekshirishda uchinchi tomon jalb qilinadi
Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, kriptoaktivlar xizmatlari provayderlari mijozlarni identifikatsiya qilish va tekshirish jarayonida uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
Bunda shaxsiy ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlashga ixtisoslashgan tashkilotlar jalb qilinishi mumkin. Bu mijozlarni tekshirish jarayonini tashqi xizmat orqali amalga oshirish imkonini beradi.
Mas’ul xodim bir oy ichida tayinlanadi
Yangi litsenziya olgan kriptoaktivlar xizmatlari provayderi litsenziya berilganidan keyin bir oy ichida ichki nazorat uchun mas’ul xodimni tayinlashi kerak bo‘ladi.
Uning ma’lumotlari regulyatorga yuboriladi. Mas’ul lavozimga rahbar o‘rinbosarlari tayinlanishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, provayderlar xodimlarni ishga qabul qilish, tayyorlash va o‘qitishda ularning malakasi hamda ishchanlik obro‘sini hisobga olishi kerak bo‘ladi.
Rahbariyat va ta’sischilarga talablar kuchayadi
Kriptoaktivlar xizmatlari provayderlarining rahbarlari noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlar rezidenti bo‘lmasligi kerak.
Bunday davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar provayderning ta’sischilari tarkibida bo‘lishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
Bog‘liq kompaniyalar uchun yagona nazorat
Agar kriptoaktivlar provayderiga bo‘ysunuvchi yoki u bilan bog‘liq tashkilot pul yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshirsa, ichki nazorat qoidalari guruh yondashuvi asosida ishlab chiqiladi.
Bunda kompaniyalar o‘rtasida noqonuniy daromadlarni legallashtirish xavflari haqida axborot almashish, guruh darajasida komplayens va audit nazoratini muvofiqlashtirish talab etiladi.
Zarur hollarda bosh kompaniya filial va sho‘ba korxonalardan mijozlar, ularning hisobvaraqlari hamda operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni olishi mumkin bo‘ladi.
Shubhali operatsiyalar bo‘yicha xabar berish tartibi
Kriptoaktivlar xizmatlari provayderlari shubhali operatsiyalar haqidagi ma’lumotlarni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga himoyalangan kanallar orqali yuborishi kerak bo‘ladi.
Bunday kanallarga shifrlash tizimlari, himoyalangan elektron pochta va maxsus axborot tizimidagi shaxsiy kabinet kiradi.
Agar mijoz terrorizmda ishtirok etayotgan yoki gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgani sababli uning operatsiyasi to‘xtatilsa yoki aktivlari muzlatilsa, mas’ul xodim mijozni bu haqda imkon qadar qisqa muddatda xabardor qilishi va operatsiyani qayta tiklash tartibini tushuntirishi kerak bo‘ladi.
Loyiha 22-avgustgacha muhokama qilinadi
O‘zgartirishlar loyihasi hozircha yakuniy kuchga kirgan hujjat emas. U 22-avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kriptodo‘konlar soni 14 taga yetgani haqida yozgandi.