O‘zbekiston o‘quvchilari 2026-yilda xalqaro fan olimpiadalarida 220 ta medalni qo‘lga kiritdi

eʼlon qilindi
Medallar soni 220 taga yetdi
Медали
Foto: Michal Navrat / Pixabay

2026-yilda O‘zbekiston o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida munosib natijalarni qayd etdi. Yil davomida ular jami 220 ta medal, jumladan, 35 ta oltin, 81 ta kumush va 104 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi xabar berdi.

Sun’iy intellekt olimpiadasida ilk ishtirok

O‘zbekiston o‘quvchilari joriy yilda ilk bor Xalqaro sun’iy intellekt olimpiadasida qatnashdi. Debyut ishtirok 3 ta medal bilan yakunlandi – 1 ta kumush va 2 ta bronza.

Shuningdek, O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida mamlakat vakili oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Al-Xorazmiy olimpiadasida 61 ta medal

Toshkent viloyatida tashkil etilgan Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasida O‘zbekiston o‘quvchilari 61 ta medalga ega chiqdi.

Ularning 11 tasi oltin, 22 tasi kumush va 28 tasi bronza medaldan iborat.

Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida esa O‘zbekiston terma jamoasi 11 ta medal – 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronzani qo‘lga kiritib, yakka peshqadam sifatida e’tirof etildi.

Eng nufuzli olimpiadalarda 16 ta medal

O‘zbekiston o‘quvchilari eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida jami 16 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ular orasida 1 ta oltin, 7 ta kumush va 8 ta bronza medal bor.

Xususan, 96 davlat vakillari qatnashgan O‘zbekistondagi Xalqaro kimyo olimpiadasida 1 ta oltin va 3 ta kumush medal olindi.

Xitoyda 119 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida 2 ta kumush va 3 ta bronza, Kolumbiyadagi 96 davlat qatnashgan Xalqaro fizika olimpiadasida 2 ta kumush va 2 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.

Litvada 80 dan ortiq mamlakatlar vakillari qatnashgan 37-Xalqaro biologiya olimpiadasida esa O‘zbekiston jamoasi 3 ta bronza medal bilan qaytdi.

Til va iqtisod yo‘nalishlarida ham medallar olindi

O‘quvchilar xalqaro til va iqtisod olimpiadalarida ham sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Germaniyada 51 davlat ishtirokida o‘tkazilgan Xalqaro nemis tili olimpiadasida O‘zbekiston vakillari 1 ta oltin va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Xitoyda 60 davlat qatnashgan Xalqaro iqtisod olimpiadasida esa 2 ta bronza medal olindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Soliha Bahodirova Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida yozgandi.

Shuningdek