O‘zbekistonlik quruvchilar uchun Serbiyada 120 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda

Serbiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun qurilish sohasida 120 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Nomzodlar armaturachi, duradgor, qurilish muhandisi, kran operatori va stanok operatori lavozimlariga ishga qabul qilinadi.
Eng ko‘p ish o‘rni armaturachi va duradgorlar uchun ajratilgan – har bir yo‘nalish bo‘yicha 50 tadan vakansiya mavjud. Ularning oylik maoshi qo‘lga 1 000 yevrodan tegadi.
Muhandislar uchun maosh 1 500 yevrogacha
Qurilish muhandislari uchun 5 ta ish o‘rni mavjud. Nomzod qurilish, xususan, fuqarolik muhandisligi yo‘nalishini tamomlagan bo‘lishi kerak. Ushbu lavozimda maosh 1 500 yevroni tashkil etadi.
Kran operatorlari uchun 5 ta, stanok operatorlari uchun esa 10 ta vakansiya ajratilgan. Ularning oylik daromadi mos ravishda 1 200 yevrodan bo‘ladi.
Nomzodlarga qanday talablar qo‘yiladi
Ishga da’vogarlar tegishli kasb-hunar ta’limiga ega bo‘lishi va O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasasi sertifikatiga ega bo‘lishi lozim.
Shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik ish tajribasi talab qilinadi. Nomzodlar boshlang‘ich darajada ingliz tilini bilishi kerak, rus tilini bilish esa qo‘shimcha afzallik hisoblanadi.
Nomzod sudlanmagan, jismonan sog‘lom, mas’uliyatli va jamoada ishlash qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Kran operatorlari uchun balandlikda ishlash imkoniyati ham talab etiladi.
Yo‘l va yashash xarajatlari qoplanadi
Ish beruvchi tomonidan xodimlarning ish vizasi va ishlash uchun ruxsatnomasini rasmiylashtirish xarajatlari qoplanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan Serbiyaga borish yo‘l xarajatlari, aeroportdan yashash joyigacha transfer, turarjoy, kuniga ikki mahal ovqatlanish hamda tibbiy sug‘urta bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Mehnat shartnomasi kamida bir yilga tuziladi
Ish vaqti haftasiga 5 kun, soat 07:00 dan 17:00 gacha etib belgilangan. Mehnat shartnomasi kamida bir yil muddatga tuziladi va uni uzaytirish imkoniyati mavjud.
Nomzodlar 20-avgustgacha ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Ish beruvchi bilan onlayn suhbatlar esa 25 – 28-avgust kunlari o‘tkaziladi.
Vakansiyaga arizani Xorijda ish platformasi orqali yuborish mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik haydovchilar Slovakiyaga ishga taklif qilingani haqida yozgandi.