721 ta mahallada elektr, 200 ta mahallada gaz tarmoqlari yangilanadi

eʼlon qilindi
Hududlarda qo‘shimcha 1 300 megavatt o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilishi ko‘zda tutilgan
721 ta mahallada elektr, 200 ta mahallada gaz tarmoqlari yangilanadi
Foto: prezident.uz

O‘zbekistonda hududlarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida 721 ta mahallada elektr tarmoqlari, 200 ta mahallada esa gaz tarmoqlari yangilanadi. Bu haqda 13-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevga «Yangiyo‘l tajribasi» asosida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Avvalroq ushbu tajriba asosida har bir hududdan bittadan tanlab olingan 14 ta tumanda namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Ishlar mahallabay tashkil etilib, energetika sohasidagi muammolar joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Mazkur yondashuv doirasida 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik subyekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha obyektlari qamrab olindi. Har bir mahalla bo‘yicha energetik pasport va energiya resurslariga talab balansi shakllantirildi.

O‘rganishlar natijasida 265 ta mahallada 60 megavatt elektr quvvati, 42 ta mahallada esa yiliga 47 million kub metr tabiiy gaz taqchilligi mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga, 207 ta mahallada quvvat zaxirasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Minglab tarmoqlar ta’mirlanadi

14 ta tumanda 5 695 ta transformator, 6,9 ming kilometr elektr tarmog‘i, 242 kilometr gaz tarmog‘i va 404 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirtalab ekani aniqlangan.

Hozirgacha 441 ta transformator, 1 134 kilometr elektr va 88 kilometr gaz tarmog‘i, shuningdek, 92 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlandi.

Kelgusi besh yilda mazkur tumanlarda energiya resurslariga talab 49 foizga oshishi kutilmoqda. Shu sababli aholi va tadbirkorlarni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlashga qaratilgan besh yillik dastur ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, 721 ta mahallada 2 261 ta transformator va 7 449 kilometr elektr tarmog‘i, 200 ta mahallada esa 313 ta gaz taqsimlash qurilmasi va 327 kilometr gaz tarmog‘i yangilanadi.

Bu ishlar natijasida hududlarda qo‘shimcha 1 300 megavatt o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Energiya tejamkorligi oshiriladi

Ijtimoiy sohadagi 1 938 ta obyektning energiya sarfi ham tahlil qilindi. Samaradorligi past bo‘lgan 226 ta obyekt qizil toifaga kiritildi.

Ularni energiya samarador tizimga o‘tkazish natijasida yiliga 4,3 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 2,1 million kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi.

Prezident 14 ta tumanda qo‘llangan «Yangiyo‘l tajribasi»ni respublikaning barcha tumanlarida joriy etish zarurligini ta’kidladi. Endilikda hududlarda ishlar mahallabay tashkil etilib, energetik pasportlar va energiya iste’moli balansi shakllantiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan energetika tizimida Yangiyo‘l tajribasi 13 tumanga tatbiq etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek