Behruz Karimov «Lugano» muxlislariga murojaat yo‘lladi 

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Futbolchining transferi bo‘yicha «Surxon» jami 450 ming yevro oladi
Foto: Klub Instagram sahifasidan olindi

O‘zbekistonlik futbolchi Behruz Karimov Shveysariyaning «Lugano» klubi muxlislariga murojaat qilib, yangi jamoasi safida maydonga tushishni sabrsizlik bilan kutayotganini aytdi. Klub o‘z Instagram sahifasida Karimovning murojaatini e’lon qildi.

Karimov «Lugano» muxlislariga murojaat qildi

19 yoshli himoyachi muxlislarni qutlab, Shveysariya klubida o‘ynash imkoniyatidan xursand ekanini bildirdi.

«Lugano» muxlislariga salom. Men Behruz Karimovman. Ushbu klub safida o‘ynash imkoniyatini intiqlik bilan kutyapman. Olg‘a, «Lugano» – degan u.

Karimovning «Lugano»ga o‘tgani avgust oyida ma’lum bo‘lgan. U yangi jamoasiga Termizning «Surxon» klubidan qo‘shildi.

«Surxon» transferdan €450 ming oladi

Futbolchining transferi bo‘yicha «Surxon» jami 450 ming yevro oladi. Shundan 250 ming yevro transfer summasi bo‘lsa, yana 200 ming yevro kompensatsiya sifatida to‘lanadi.

Bundan tashqari, Termiz klubi Karimovning keyingi transferidan 10 foiz ulush olish huquqini saqlab qolgan.

Masalan, «Lugano» kelajakda futbolchini 10 mln yevroga boshqa klubga sotsa, «Surxon» ushbu summadan yana 1 mln yevro oladi.

Karimov Jahon chempionatida ham maydonga tushgan

Behruz Karimov 2007-yil 7-avgustda Kosonsoyda tug‘ilgan. U professional faoliyatini 2023-yilda Toshkentning «Olimpik» klubida boshlagan. 2025-yilda «Surxon»ga o‘tgan himoyachi Termiz klubi safida 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urgan.

Karimov 2026-yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etgan terma jamoa tarkibidan ham joy oldi. U turnirda Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi uchrashuvlarda maydonga tushgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jami 4 ta o‘yin o‘tkazgan futbolchi yoshlar terma jamoasida esa 7 ta uchrashuvda qatnashib, 1 ta gol urgan.

Avvalroq 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati yakunlangach, Transfermarkt turnirda yorqin o‘yin namoyish etgan futbolchilarning transfer qiymatini yangilagan hamda ro‘yxatda O‘zbekiston terma jamoasining ikki himoyachisi – Jahongir O‘rozov va Behruz Karimovning bozor bahosi oshgandi.

Shuningdek