
Qozog‘istonlik grossmeyster Bibisara Asaubayeva AQShning Sent-Luis shahrida o‘tayotgan Cairns Cup 2026 ayollar superturnirining uchinchi turida musobaqa peshqadami, amerikalik Elis Li bilan durang o‘ynadi. Asaubayeva turnirdagi uchinchi partiyasida ham ochko bo‘lishdi, deya yozmoqda Kursiv Kazakhstan.
16 yoshli Elis Li musobaqaning dastlabki turidan buyon turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. U o‘tgan yili ham Cairns Cup’da muvaffaqiyatli qatnashib, faqat amerikalik Karissa Yipga imkoniyatni boy bergan holda ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
Asaubayeva qora donalarda durangga erishdi
Uchinchi turda qora donalarda o‘ynagan Asaubayeva partiya davomida vaziyatni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Markazdagi piyodalar tuzilmasi muvozanatlashgach, raqiblar 40-yurishda durangga kelishdi.
Uch turdan keyin Elis Li ham, Bibisara Asaubayeva ham hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Shuningdek, xitoylik Tan Chjuni, ukrainalik Anna Muzichuk va gretsiyalik Stavrula Tsolakidu ham turnirni mag‘lubiyatsiz davom ettirmoqda. Muzichuk, Tsolakidu va Asaubayeva hisobida 1,5 tadan ochko bor.
Keyingi raqib — Aleksandra Kostenyuk
To‘rtinchi turda Asaubayeva shveysariyalik grossmeyster Aleksandra Kostenyukga qarshi oq donalarda o‘ynaydi.
42 yoshli Kostenyuk Cairns Cup tarixida ikki marta ikkinchi o‘rinni egallagan. U 2019-yilda Rossiya vakili sifatida, 2023-yilda esa Shveysariya bayrog‘i ostida turnir vitse-chempioni bo‘lgan.
Biroq 2008 – 2010-yillarda ayollar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan Kostenyuk joriy musobaqani omadsiz boshladi va dastlabki uch partiyasining barchasida mag‘lub bo‘ldi.
Turnir sovrin jamg‘armasi $250 ming
Cairns Cup 2026 Sent-Luis shahrida o‘tkazilmoqda. Nufuzli ayollar turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi $250 mingni tashkil etadi.
Musobaqa Sent-Luis shaxmat klubi hammuassislaridan biri Jinn Kerns Sinkfild sharafiga nomlangan. Turnirda tashkilotchilardan shaxsiy taklifnoma olgan o‘n nafar shaxmatchi bir davrali tizimda kuch sinashmoqda.
Partiyalarda klassik vaqt nazorati qo‘llanadi: dastlabki 40 yurish uchun 90 daqiqa, undan keyin o‘yin oxirigacha yana 30 daqiqa beriladi. Bundan tashqari, birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniyadan qo‘shib boriladi.
Javohir Sindarov ham Sent-Luisda durang o‘ynadi
Sent-Luisda ayni paytda erkaklar o‘rtasidagi Sinquefield Cup 2026 turniri ham davom etmoqda. Uning sovrin jamg‘armasi $475 mingni tashkil qiladi.
Musobaqada O‘zbekiston grossmeysteri Javohir Sindarov ham qatnashmoqda. U uchinchi turda oq donalarda fransiyalik Maksim Vashye-Lagravga qarshi bahs olib bordi.
Keskin endshpilga qaramay, Sindarov hal qiluvchi ustunlikka erisha olmadi va raqiblar 44-yurishda durangga kelishdi.
Avvalroq «Kursiv» Bibisara Assaubayeva 250 ming dollarlik turnirni durang bilan boshlagani haqida yozgan edi.