
Google kompaniyasi yangi buklanuvchi Google Pixel 11 Pro Fold smartfonini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Qurilmaning boshlang‘ich narxi $1,9 ming etib belgilangan. Yangi model o‘tgan yilgi avlod bilan solishtirganda yengilroq korpus, yangilangan sharnir va kuchliroq platformaga ega bo‘ldi, biroq batareya sig‘imi kamaytirildi.
Pixel 11 Pro Fold’ning vazni 238 grammni tashkil qiladi. Bu avvalgi modelga qaraganda qariyb 10% kam. Shunga qaramay, qurilma bozordagi ayrim raqobatchilaridan hanuz og‘irroq.
Sharnir yangilandi, buklanish izi kamaytirildi
Google yangi modelda sharnir konstruksiyasini qayta ishlagan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu ichki displeydagi buklanish izini kamroq sezilarli qilishga yordam beradi.
Ekranni himoyalash uchun keramik shisha qo‘llanilgan, orqa panel esa kompozit materialdan tayyorlangan. Tashqi ekran diagonali 6,5 dyuymgacha kattalashtirilgan.

Ichki buklanuvchi displey esa avvalgidek 8 dyuym bo‘lib qolgan. Uning aniqligi 2076 × 2152 pikselni, maksimal yorqinligi esa 3 600 nitgacha yetadi.
Tensor G6 va 16 GB tezkor xotira
Pixel 11 Pro Fold yangi Tensor G6 chipi asosida ishlaydi. Barcha versiyalar 16 GB tezkor xotira bilan jihozlangan.
Ichki xotiraning boshlang‘ich hajmi 256 GBni tashkil qiladi. Shu tariqa Google buklanuvchi flagmanida xotira hajmini yuqori darajada saqlab qolgan.
Batareya sig‘imi kamaydi
Yangi modeldagi eng sezilarli o‘zgarishlardan biri batareya bilan bog‘liq. Pixel 11 Pro Fold 4 806 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilgi modelda 5 015 mA/soat sig‘imli batareya ishlatilgan. Shu sababli yangi avlodda akkumulyator hajmi kamaygani ayrim raqobatchilar fonida noodatiy qaror sifatida baholanmoqda.
Asosiy kamera 48 MP
Smartfonning kamera tizimi Pixel 11 seriyasiga yaqin. Asosiy kamera 48 MP sensor bilan jihozlangan. Sensorning optik formati 1/1,56 dyuymni tashkil qiladi.
Shuningdek, qurilmada 10 MP ultra keng burchakli kamera va 10 MP telekamera mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Google Assistant 4-sentabrdan boshlab smartfonlarda bosqichma-bosqich o‘chirilishi haqida yozgan edi.