ILMA uchun yangi vakolat, sudga berilgan Tramp — 13-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar

ILMA uchun yangi vakolat, sudga berilgan Tramp – 13-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Aksiyalarni kvotalash vakolati Vazirlar Mahkamasidan ILMAga o‘tishi mumkin

«Kapital bozori to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasida Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (ILMA) vakolatli regulyator sifatidagi vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi emitentlarining qimmatli qog‘ozlarini chet elda joylashtirish va muomalaga kiritish kvotalarini tartibga solish, shuningdek, xorijiy qimmatli qog‘ozlarni mahalliy bozorga kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining funksiyalari agentlikka o‘tkaziladi. Bu haqda regulyator vakillari Kursiv Uzbekistan’ga 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
ILMA Kapital bozorini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Saibjan Xudayberdiyevning ta’kidlashicha, qonun loyihasining asosiy yangiligi ilgari mamlakat qonunchiligida mavjud bo‘lmagan qator yangi moliyaviy mahsulotlar uchun huquqiy asos yaratish va ularni amaliyotga joriy etishdan iborat.
Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kirilgan 23 tonna piyozni qaytardi

Qirg‘iziston chegarasida O‘zbekistondan olib kirilgan 28 tonna piyoz va sabzi ortga qaytarildi. Bu haqda mahalliy 24.kg nashri xabar berdi.
Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, yuk «Qizil-Qiya – avtomobil yo‘li» fitosanitariya nazorat postida tekshirilgan. Nazorat davomida 23 tonna piyoz va 5 tonna sabzi mahsulotlarida majburiy markirovka mavjud emasligi aniqlangan.
Navoiyda 212,9 gramm oltin savdosi fosh etildi

Navoiy shahrida 212,9 gramm oltin savdosi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 212,9 gramm quyma oltinni xaridorga 340 mln so‘mga sotishga kelishgan.
«Aqlli bola» tug‘ish xizmati: Yangi dastur qanchaga tushadi

AQShda ayrim kompaniyalar bo‘lajak ota-onalarga kelajakdagi farzandining ayrim genetik xususiyatlarini oldindan baholash imkonini beruvchi xizmatlarni taklif qilmoqda. Ular yordamida ota-onalar sun’iy urug‘lantirish orqali hosil qilingan bir nechta embrion orasidan tanlov qilishi mumkin. Bu haqda The Economist xabar berdi.
Bu jarayonda IVF – tuxum hujayrasi va erkakning urug‘ hujayrasini laboratoriyada birlashtirish usuli qo‘llanadi. Natijada embrion, ya’ni kelajakda bola rivojlanishi mumkin bo‘lgan dastlabki hujayralar to‘plami hosil bo‘ladi. Odatda bir nechta embrion yaratiladi. Keyin ularning genetik ma’lumotlari tekshiriladi.
Truth Social’dagi 100 ming dollarlik xizmat: Tramp sudga berildi

AQSh prezidenti Donald Trampga qarashli Truth Social tarmog‘idagi postlarga boshqalardan oldin kirish imkonini beruvchi pullik xizmat sud da’vosiga sabab bo‘ldi. Xizmat narxi oyiga $60 mingdan $100 minggacha bo‘lib, undan asosan yuqori tezlikdagi savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar foydalanmoqda.
The Intercept Media va Freedom of the Press Foundation jurnalistik tashkilotlari AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan Manxettendagi federal sudga da’vo arizasi kiritdi.
Jorjina Rodrigesning boyligi qancha — tahlil

Krishtianu Ronaldu bilan munosabatlari sabab dunyoga tanilgan Jorjina Rodrigesning boyligi barcha uchun qiziqarli mavzulardan biri. Kursiv Uzbekistan modelning mol-mulki haqida ma’lumotlarni bitta materialga jamladi.
Jahon sanoatida siljish: 20 yilda yetakchilar reytingi o‘zgardi
So‘nggi yigirma yil ichida jahon ishlab chiqarish sanoatining markazi keskin o‘zgardi. Ushbu o‘zgarishning asosiy omili Xitoyning jadal rivojlanishi bo‘lib, mamlakat dunyoning eng yirik ishlab chiqarish iqtisodiyotiga aylandi. Bu haqdagi tadqiqot Naked Science tomonidan e’lon qilindi.
2005 – 2025-yillar oralig‘ida dunyoning sakkizta yetakchi mamlakatlar iqtisodiyotining jahon qayta ishlash sanoatidagi ishlab chiqarish hajmiga qo‘shgan hissasi sezilarli darajada o‘zgargan.
Wildberries ilovasi App Store’da biroz vaqtga yo‘qolib, keyin qayta paydo bo‘ldi
Wildberries mobil ilovasi AQShdagi App Store’da qisqa vaqtga yo‘qolib, yana yuklab olish va yangilash uchun ochildi. Ilovaning vaqtincha olib tashlanish sababi hozircha ma’lum qilinmagan.
Wildberries ilovasi AQShdagi App Store’da yana foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘ldi. Bu haqda Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Har yili 50 ming ayol ikki yil to‘lmay yana farzand ko‘rmoqda
O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 50 ming ayol salomatligi to‘liq tiklanmasdan, avvalgi tug‘uruqdan keyin ikki yil o‘tmay yana farzand ko‘rmoqda. Bunday holatlar, ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ko‘p uchramoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda onalar va bolalar salomatligi hamda reproduktiv salomatlik sohasidagi muammolar muhokama qilindi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga keladi

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 28-avgust kuni O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda StratNewsGlobal nashri xabar berdi.
Modi O‘zbekistondan so‘ng Qirg‘izistonga yo‘l oladi. U 31-avgust va 1-sentabr kunlari Bishkekda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etadi.