Jazirama hali ketmadi: Yevropa keyingi issiqlik to‘lqiniga tayyorlanmoqda

Yevropa qit’asining katta qismida yoz boshidan beri uchinchi kuchli issiq to‘lqini kuzatilmoqda. DW xabariga ko‘ra, bir qator davlatlar keyingi issiqlik to‘lqiniga tayyorlanmoqda.
Fransiya, Italiya va Ispaniyada qariyb 92 mln kishi 35 darajadan yuqori harorat sharoitida qolishi kutilmoqda. Umuman olganda, Yevropada 300 mln ga yaqin aholi, ya’ni qit’a aholisining yarmidan ko‘pi 30 darajadan yuqori issiqni boshdan kechiradi.
Germaniyada harorat 39 darajagacha chiqishi mumkin
Germaniya meteorologiya xizmati mamlakatda havo harorati chorshanba kuni 34 darajaga, payshanba kuni 37 darajaga ko‘tarilishini prognoz qilgan. Juma kuniga kelib esa Germaniyaning g‘arbiy va janubiy hududlarida harorat 39 darajagacha yetishi mumkin.
Bu Germaniyada joriy yoz davomida kuzatilayotgan uchinchi kuchli issiq to‘lqini hisoblanadi. Uzoq davom etgan quruq va issiq ob-havo Reyn daryosidagi suv sathining ayrim hududlarda rekord darajada pasayishiga olib kelgan.
Reyn Yevropadagi asosiy transport arteriyalaridan biri bo‘lib, u orqali don, mineral xomashyo, yoqilg‘i va boshqa mahsulotlar tashiladi. Suv sathining pasayishi kemalarning yuk tashish imkoniyatlarini cheklab, daryo transportiga bog‘liq kompaniyalarda ta’minot bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Fransiya, Ispaniya va Italiya ham jaziramaga tayyorlanmoqda
Fransiya, Ispaniya va Italiyada ham harorat 35 darajadan oshishi prognoz qilinmoqda. Yangi issiq to‘lqini Fransiya va Ispaniya so‘nggi haftalarda yirik o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashgan bir paytda yuz bermoqda.
Ispaniyada bir nechta o‘rmon yong‘inlari hanuz faol bo‘lib qolmoqda. Mamlakat meteorologiya agentligi AEMET ko‘plab hududlarda 35 darajadan yuqori harorat haqida ogohlantirgan.
Vaziyat 12-avgust kuni kuzatilgan to‘liq Quyosh tutilishi sabab yanada murakkablashgan. Hodisani tomosha qilish uchun Ispaniyaga millionlab odamlar kelgan. Hukumat kuzatuv hududlari va ularga olib boruvchi yo‘llarda 33 mingdan ortiq huquq-tartibot xodimini safarbar qilgan.
Rasmiylar odamlarni ochiq olov yoqmaslikka, chiqindi tashlamaslikka va avtomobillarni quruq o‘simliklar yaqinida qoldirmaslikka chaqirgan. Ispaniya ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska yuqori harorat, o‘simliklarning qurib qolishi va tabiiy hududlarga katta oqim tushayotgani sabab profilaktika choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan.
Issiq Bolqon va Buyuk Britaniyaga ham yetib boradi
Jazirama Janubi-sharqiy Yevropaga, jumladan, Gretsiya, Albaniya va Xorvatiyaga ham tarqalishi kutilmoqda. Buyuk Britaniyada esa o‘n millionlab odamlar 30 darajadan yuqori haroratga tayyorlanmoqda.
Buyuk Britaniya meteorologiya xizmati joriy yoz mamlakat tarixidagi eng issiq yozga aylanishi mumkinligini bildirgan. Germaniya, Fransiya va Ispaniyada esa bu yozning o‘zida bir qator yangi harorat rekordlari qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» ekstremal issiq kuchliroq va uzoqroq davom etishi haqida yozgan edi.